Yosh oilalarga ipoteka foizining bir qismi Markaziy bank tomonidan qoplab beriladi
“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi doirasida B2 sertifikat egalari uchun pasport boji ham bekor qilinadi
Фото: пресс-служба президента
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi bilan tanishdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston aholisi 38 mln nafardan oshgan bo‘lib, shundan qariyb 9,5 mln nafari yoki 25% ini 14–30 yoshdagi yigit-qizlar tashkil etadi. Har yili 270 mingta yosh oila shakllanayotgani esa ushbu yo‘nalishda uzoq muddatli yondashuv zarurligini ko‘rsatmoqda.
Taqdimotda 2030-yilga qadar erishilishi lozim boʻlgan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar koʻrib chiqildi. Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash, 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, oʻquv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar boʻyicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan. Taʼlim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat taʼlim xizmatlarini qoʻllab-quvvatlash, chekka hududlarda oʻquv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni oʻrganishni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan.
Jumladan, olis va chekka hududlarda oʻquv markazlarini tashkil etishga 300 mln soʻmgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va oʻqituvchilarining daromad soligʻini 1% etib belgilash taklif etildi. Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari toʻlovlarini 50% gacha kamaytirish taklif qilinmoqda.
Strategiyada yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ipoteka dasturi orqali kreditning Markaziy bank stavkasi yuqori qismi qoplab berilishi, shu tariqa uy-joy masalasida yosh oilalarga qoʻshimcha yengillik yaratilishi belgilanmoqda.
Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamgʻarmasidan 100 mln soʻmgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilgʻor ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan “Yoshlar koʻchalari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan. Yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanadi, har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, ushbu standartlarni joriy etish boʻyicha namuna yaratiladi.
Yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik koʻmak tizimini kuchaytirish masalalari ham strategiyada oʻz aksini topgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40% ga kamaytirish, tun-u kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shugʻullanuvchi yoshlar ulushini 25% ga oshirish nazarda tutilmoqda.
Yoshlar siyosatida ochiq muloqot va obyektiv tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlarning ehtiyojlari va kutilmalari yuzasidan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Har payshanba yoshlar bilan muloqotlar oʻtkazib boriladi.
Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham strategiyaning muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan.
Shu maqsadda xalqaro forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti, Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yoʻlga qoʻyilishi, 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar oʻtkazilishi, 100 ming nafar oʻzbekistonlik yoshlarning xalqaro dasturlarda ishtirokini taʼminlash rejalashtirilgan. Shuningdek, BMT, Jahon banki, YTTB kabi tuzilmalar bilan “Junior Professional Officer” dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish koʻzda tutilgan.
Strategiyani 2026-2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yoʻnalish boʻyicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni oʻqitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi.
Respublika boʻyicha “Oʻzbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar oʻtkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ