2030-yilgacha 20 ming yoshni qamrab oluvchi “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi yo‘lga qo‘yiladi
Loyihani bitirib, sertifikat olgan ming nafar talabaga 206 mln so‘mgacha ssuda ajratiladi
Foto: Kapital.uz
Prezidentning Yangi O‘zbekiston yoshlari-2030 strategiyasini 2026−2027-yillarda amalga oshirish bo‘yicha qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Hujjat bilan, 2030-yilgacha 20 ming nafar yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitishga mo‘ljallangan Yoshlar ishlari agentligining “Yangi avlod tadbirkorlari” ishga tushiriladi.
Unga ko‘ra, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamda xususiy sektor bilan shartnoma asosida hamkorlik qilinadi. “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturi doirasida o‘qitish uchun yoshlar saralab olinadi.
Dastur doirasida biznes loyihasini ishlab chiqish, sotuvga chiqish va bozorni kengaytirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oluvchi tadbirkorlik asoslari bo‘yicha bilimlar berib boriladi.
Loyiha yakunida yoshlarning bilimlari sinovdan o‘tkazilib, ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishgan eng yaxshi 1 ming nafar yoshlarga Yoshlar ishlari agentligining sertifikati beriladi.
Sertifikatga ega bo‘lgan yoshlarga BHMning 500 baravarigacha (206 mln so‘mgacha) miqdorda Markaziy bank asosiy stavkasining 50%i miqdoridagi foiz stavkasida (7%) 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yilgacha muddatga ssuda ajratiladi.
Joriy yil 1-avgustdan tuman fermerlari kengashlari huzuridagi markazlar boshlig‘i yoshlar bo‘lgan yangi tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga 2 yil davomida bepul xizmat ko‘rsatadi.
Bu imtiyoz aʼzolik badali to‘langan va paxta yoki g‘alla yetishtirishidan qatʼi nazar qo‘llaniladi.
2026-yil 1-iyuldan yoshlar tashkil etgan tadbirkorlarga elektr, ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlariga ulanish xarajatlarining 4,12 mln so‘mgacha qismi qoplab beriladi.
20-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030 strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishgandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ