UzNIF aksiyalari London va Toshkent fond birjalarida savdoga chiqarildi
Qimmatli qog‘ozlarning birlamchi ommaviy joylashtirilishi xalqaro va mahalliy maydonlarda bir vaqtning o‘zida amalga oshirildi
2026-yil 18-may kuni O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining global depozitar tilxatlari va oddiy aksiyalari London hamda Toshkent fond birjalarida rasman savdolarga qo‘yildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kapital.uz’ga ma’lum qildi.
2026-yil 13-may kuni e’lon qilingan birlamchi ommaviy taklif (IPO) yakunlariga ko‘ra, jamg‘armaning global depozitar tilxatlari (GDR) Buyuk Britaniyaning Moliyaviy nazorat boshqarmasi rasmiy ro‘yxatiga kiritildi.
Mazkur instrumentlar London fond birjasining asosiy bozorida UZNF va UZ20 tickerlari ostida savdoga chiqarildi. Ushbu qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘liq savdolar 18-maydan boshlandi.
Shu bilan birga, korxonaning oddiy aksiyalari “Toshkent” Respublika fond birjasiga ham joylashtirildi. Mahalliy maydonda ular ham UZNF tickeri ostida ro‘yxatdan o‘tdi va dastlabki savdolar shu kunning o‘zida boshlandi.
Markaziy Osiyo bo‘yicha Templeton Global Investments bosh direktori Marius Dan jamg‘arma London birjasida depozitar tilxatlarni mahalliy fond bozoridagi aksiyalar bilan bir vaqtda joylashtirgan ilk O‘zbekiston kompaniyasi bo‘lganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, investorlar tomonidan bildirilgan yuqori talab mamlakat iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchni aks ettiradi va mazkur bitim mahalliy kapital bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vazirligi birlamchi ommaviy joylashtirish doirasida Milliy investitsiya jamg‘armasining 30% ulushini savdoga qo‘ygandi. Jamg‘armaning umumiy kapitallashuvi $1,95 mlrdga baholangan.
64,7 mingta oddiy aksiyaga teng bir dona depozitar tilxat narxi $25 etib belgilangan, mahalliy bozordagi bir aksiya qiymati esa 4,65 so‘mni tashkil qilgan. Mahalliy va xorijiy investorlardan arizalar 2026-yil 29-apreldan 12-maygacha qabul qilingan.
Birlamchi ommaviy taklifning ilk bosqichi yakunlariga ko‘ra, Milliy investitsiya jamg‘armasi $603,6 mlnlik 31% aksiyalarni sotdi. Umumiy talab taklif hajmidan to‘rt baravardan ko‘proqni tashkil etdi. Bitim doirasida qimmatli qog‘ozlarning qariyb 3%i ichki bozorda taqsimlangan bo‘lsa, asosiy qismi xorijiy investorlarga sotilgan. Tushgan mablag‘larning barchasi yagona aksiyador — Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yo‘naltiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ