Toshkentda uy-joy narxlari iyul boshida 0,6% ga oshdi

Eng qimmat xonadonlar Shayxontohurda, eng arzonlari esa Yangihayot va Sergelida qayd etildi

Toshkentda uy-joy narxlari iyul boshida 0,6% ga oshdi

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi savdo platformalaridagi e’lonlar asosida Toshkent shahridagi turar joy va noturar obyektlar bozorini tahlil qildi.

Hisobotga ko‘ra, poytaxt aholisi soni o‘sishda davom etayotganiga qaramay, ko‘chmas mulk bozorida keskin narx o‘zgarishlari kuzatilmagan. Aksariyat tumanlarda narxlar barqaror saqlanib, o‘sish mo‘tadil sur’atda davom etmoqda.

1-iyul holatiga ko‘ra, Toshkentdagi ko‘p kvartirali uylarda xonadonlarning o‘rtacha narxi bir kvadrat metr uchun 16,5 mln so‘mni tashkil etdi. Bu iyun oyiga nisbatan 0,6% ga yuqori.

Ko‘p qavatli uylar segmentida eng qimmat xonadonlar Shayxontohur tumanida qayd etildi. Bu yerda bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 25,3 mln so‘mni tashkil qilgan. Keyingi o‘rinlarda Mirobod (23,2 mln so‘m) va Yakkasaroy (20,5 mln so‘m) tumanlari joylashgan.

Eng arzon xonadonlar esa Yangihayot (11 mln so‘m), Sergeli (11,45 mln so‘m) va Bektemir (11,5 mln so‘m) tumanlarida taklif etilmoqda.

Yakka tartibdagi uy-joylar bozorida ham narxlar o‘sishda davom etdi. Bir sotix yerning o‘rtacha qiymati bir oy ichida 912,9 mln so‘mdan 916,9 mln so‘mga yetib, 0,5% ga oshdi.

Mazkur segmentda eng yuqori narx Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etildi. Bu yerda bir sotix yer o‘rtacha 1,72 mlrd so‘mga baholangan. Yakkasaroy (1,64 mlrd so‘m) va Yunusobod (1,44 mlrd so‘m) keyingi o‘rinlarni egalladi.

Eng arzon yer uchastkalari Bektemir (394 mln so‘m) va Yangihayot (405 mln so‘m) tumanlarida qayd etildi.

Xususiy uy-joylar narxi oylik hisobda eng ko‘p Uchtepa (1,4%), Yashnobod (1,3%) va Bektemir (1,2%) tumanlarida oshgan. Sergeli (0,5%) va Chilonzor (0,1%) tumanlarida esa narxlar biroz pasaygan.

Noturar obyektlar bozorida ham narxlar deyarli o‘zgarmadi. Bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 16 mln so‘mni tashkil etib, iyun oyiga nisbatan 0,5% ga oshdi.

Ushbu segmentda eng qimmat obyektlar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan bo‘lib, bir kvadrat metrning o‘rtacha narxi 24,4 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda Mirobod (23 mln so‘m), Yakkasaroy va Shayxontohur (har biri 18,6 mln so‘m), shuningdek Yunusobod (18,6 mln so‘m) qayd etildi.

Eng arzon noturar obyektlar Bektemir (8,3 mln so‘m), Yangihayot (9,8 mln so‘m) va Sergeli (9,9 mln so‘m) tumanlarida kuzatildi.

Oylik o‘sish noturar obyektlar segmentida eng yuqori Sergeli (2,5%) va Mirobod (1,8%) tumanlarida qayd etilgan. Uchtepa (0,6%) va Yashnobod (0,9%) tumanlarida esa narxlar biroz pasaydi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda qarz oluvchilarning 29% bir nechta kreditdan foydalanadi
/
O‘zbekistonda qarz oluvchilarning 29% bir nechta kreditdan foydalanadi
O‘zbekistonda katta yoshdagi aholining atigi 4%i jamg‘arma yoki muddatli depozitga ega
/
O‘zbekistonda katta yoshdagi aholining atigi 4%i jamg‘arma yoki muddatli depozitga ega
Toshkent shahar hokimi Bektemir Business City qurilishi tasdiqladi
/
Toshkent shahar hokimi Bektemir Business City qurilishi tasdiqladi