Uy-joy bozorida bitimlar soni bir oyda 47% ga oshdi
Keskin faollik 1-apreldan joriy etilgan uy-joy va avtomobil savdosida naqd pulsiz to'lov tartibi bilan izohlanmoqda
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
2026-yil mart oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk bozori faolligi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi taqdim etgan tahlilda ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, oy yakunida respublika bo‘yicha uy-joy oldi-sotdi bitimlari soni 43,6 mingtani tashkil etgan. Bu fevral oyiga nisbatan 47% ga ko‘pdir. Faollikning keskin oshishi aprel oyidan joriy etilgan yangi hisob-kitob tartiblariga o‘tish bilan izohlanmoqda.
Yillik hisobda ham bozor sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi — bitimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 baravar oshgan.
Hududlar kesimida deyarli barcha viloyatlarda o‘sish qayd etildi. Eng yuqori ko‘rsatkich Sirdaryo viloyatida — 64,6% ni tashkil etdi. Shuningdek, Jizzax viloyatida 73,2% va Namangan viloyatida 63% o‘sish kuzatildi. Qator hududlarda, jumladan Toshkent shahri va viloyatida, Samarqand, Buxoro, Andijon hamda Surxondaryoda o‘sish 40–50% atrofida bo‘ldi.
Jami bitimlarning qariyb 34% i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan. Poytaxtda bir oyda savdo hajmi 44% ga oshib, qariyb 12,8 mingta bitim qayd etildi.
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar mart oyida oylik hisobda 0,4% ga oshgan. Yillik hisobda esa o‘sish 10% ni tashkil etdi. Eng yuqori narx o‘sishi Sirdaryoda (22%), Samarqandda (18,7%) va Andijonda (17,6%) kuzatildi.
Toshkent shahrida narxlar segmentlar bo‘yicha turlicha shakllandi. Ikkilamchi bozorda kvadrat metr narxi yiliga o‘rtacha 5% ga oshgan bo‘lsa, yangi uylar segmentida bu ko‘rsatkich 8,8% ni tashkil etdi.
Ijara bozorida ham o‘sish davom etdi. Mart oyida poytaxtda ijara narxi o‘rtacha $8,9/m² ni tashkil etib, bir oyda 2,7% ga, yillik hisobda esa 10,8% ga oshgan. Markaziy tumanlarda bu ko‘rsatkich o‘rtacha $11/m² atrofida bo‘ldi. Eng yuqori yillik o‘sish Yashnobod tumanida (18,9%) qayd etildi.
Tahlilga ko‘ra, bozordagi yuqori faollik va narxlar dinamikasi uy-joyga bo‘lgan talabning saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ