Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilishga $264 mln investitsiya yo‘naltiriladi
Loyiha yakunlangach, aeroportning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 1 300 nafargacha oshadi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Xorazm viloyatiga tashrifini Shavkat Mirziyoyev Urganch xalqaro aeroportini kengaytirish va modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishishdan boshladi. Loyiha doirasida aeroportga jami $264 mln investitsiya yo‘naltirilmoqda.
Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Uning xususiy hamkori sifatida Janubiy Koreyaning “Incheon International Airport Corporation” kompaniyasi jalb qilingan. Kompaniya dunyodagi yirik aviatsiya xablaridan birini boshqaradi.
Rekonstruksiya natijasida aeroportning mavjud infratuzilmasi sezilarli darajada kengaytiriladi. Jumladan, “Boeing 747” va “Airbus A350” kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Bu Xorazmga dunyoning turli qit’alaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzoq masofali reyslarni amalga oshirish imkonini beradi.
Loyihaning birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi turargohi va yangi burilish yo‘lagi quriladi. Shuningdek, zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, 24 soat ishlaydigan tibbiyot punkti hamda “Duty free” zonasi tashkil etiladi.

Loyiha yakunlangach, aeroportning yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati soatiga 300 nafardan 1 300 nafargacha oshadi.
Urganch xalqaro aeroporti 1960-yilda ishga tushirilgan, 1992-yilda esa xalqaro maqom olgan. Majmuaning umumiy maydoni 285 gektardan ortiq.
Bugungi kunda aeroport orqali o‘nga yaqin aviakompaniya muntazam qatnovlarni amalga oshirmoqda. 2026-yilda aeroport tomonidan 126 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan bo‘lib, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 31% ga ko‘p.
Prezident Xiva va Urganch shaharlarida xalqaro sammitlar, diplomatik uchrashuvlar hamda yirik iqtisodiy va madaniy tadbirlar soni ortib borayotganini qayd etdi. Shu sababli aeroport infratuzilmasini xalqaro standartlarga moslashtirish muhim ekani ta’kidlandi.
Kapital.uz avval xabar berganidek, Prezident Mirziyoyev 2026-yil boshida Xorazm, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida transport, ijtimoiy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha rejalari bilan tanishdi.
Xususan, Urganch xalqaro aeroportida yo‘lovchi va yuk terminallarining o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshiriladi. Loyihaning asosiy yangiliklaridan biri shahar temiryo‘l vokzalini to‘g‘ridan to‘g‘ri yangilangan aeroport bilan bog‘laydigan alohida temiryo‘l tarmog‘ini barpo etish bo‘ladi. Shuningdek, Xivaga olib boruvchi mavjud avtomobil yo‘li obodonlashtiriladi va muqobil yangi trassa quriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ