Urganch aeroporti modernizatsiya qilinadi va yangi turistik obyektlar barpo etiladi
Hududlarda zamonaviy kampuslar, ekspomarkazlar va xalqaro tadqiqot markazlari qurilishi rejalashtirilgan
Фото: Uzbekistan Airports
Prezident Xorazm, Farg‘ona, Buxoro viloyatlari hamda Toshkent shahrida transport, ijtimoiy va turizm infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha rejalari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Urganch xalqaro aeroportida yo‘lovchi va yuk terminallarining o‘tkazuvchanligini oshirish maqsadida keng ko‘lamli modernizatsiya ishlari amalga oshiriladi. Loyihaning asosiy yangiliklaridan biri shahar temiryo‘l vokzalini to‘g‘ridan to‘g‘ri yangilangan aeroport bilan bog‘laydigan alohida temiryo‘l tarmog‘ini barpo etish bo‘ladi. Shuningdek, Xivaga olib boruvchi mavjud avtomobil yo‘li obodonlashtiriladi va muqobil yangi trassa quriladi.
Xivada turizm salohiyatini oshirish maqsadida yirik xalqaro forumlar o‘tkazishga mo‘ljallangan Kongress markazi hamda tarixiy-etnografik park barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Ta’lim sohasida esa Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasi tashkil etilib, ularda yoshlarni talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitish rejalashtirilgan. Buxoro shahrida davlat universiteti uchun to‘liq yangi, zamonaviy kampus qurilishi belgilangan.
Farg‘ona shahrida ko‘rgazmalar va biznes-forumlar o‘tkazish uchun yirik ekspomarkaz ochilishi rejalashtirilmoqda. Bu hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Marg‘ilon shahrida esa Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, u ma’naviy merosni o‘rganish bo‘yicha xalqaro markazga aylantiriladi.
Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha yangi sport majmuasi quriladi. Davlat rahbari mas’ul idoralarga barcha loyihalarni shaharsozlik me’yorlari va zamonaviy sifat standartlariga to‘liq muvofiq holda amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ