Prezident Toshkentda sun’iy ko‘l va suv havzalari sonini 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi
Chirchiq daryosi bo‘yida esa “Daryo boʻyi” loyihasini amalga oshiriladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Kapital.uz avvalroq 29-aprel kuni prezident gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar bergandi.
Taqdimot davomida raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish ham soha samaradorligini oshirishning muhim yoʻnalishi sifatida belgilandi. Suv omborlari va gidroinshootlarda suv sathi, suv hajmi, bosim, meteomaʼlumotlar va ishlab chiqarish jarayonlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi raqamli monitoring tizimlari bosqichma-bosqich joriy etiladi. Hozirda suv omborlarining xavfsizligini taʼminlash uchun 3,5 mingta nazorat-oʻlchov apparatlari oʻrnatilgan.
Taqdimotda poytaxt hududidagi daryo va kanallar boʻylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sunʼiy koʻl va havzalar barpo etish boʻyicha ishlar toʻgʻrisida ham axborot berildi.
Jumladan, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan oʻtuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar yer maydonida “Daryo boʻyi” loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Loyiha doirasida daryo qirgʻoqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bektemir kanali boʻyida 187,3 gektar maydonda “yashil belbogʻ” yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi. Piyodalar va veloyoʻlaklar, ichki yoʻllar, yoritish tizimlari hamda koʻpriklar quriladi.
Poytaxtda 4 ta sunʼiy koʻl va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilindi. Prezidentimiz aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, koʻllar sonini 12 taga yetkazishni topshirdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ