Energetika sohasida 2032-yilgacha umumiy qiymati $5,8 mlrdlik 73 ta loyiha amalga oshiriladi

Xususan, “Toʻpalang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurilishi rejalashtirilmoqda

Energetika sohasida 2032-yilgacha umumiy qiymati $5,8 mlrdlik 73 ta loyiha amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Bugungi kunda elektr energiyasi ishlab chiqarishda gidroenergiya ulushi taxminan 10-12% ni tashkil qiladi. 2017-yilda 36 ta boʻlgan gidroelektr stansiyalar soni 2025-yilda 100 taga yetkazildi. Ularning umumiy quvvati 1,6 gigavattdan 2,4 gigavattgacha oshdi.

Bu ko’lamni oshirish maqsadida taqdimotda 2026-2032-yillarda umumiy qiymati $5,8 mlrd boʻlgan 73 ta loyihani amalga oshirish rejalari koʻrib chiqildi. Buning natijasida qoʻshimcha 3,6 gigavatt quvvat yaratilishi kutilmoqda.

Joriy yilda 13 ta GESni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy quvvati 114 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi esa 537 mln kilovatt-soatni tashkil etadi. Mazkur loyihalar doirasida 254 ta ish oʻrni yaratiladi. Bunga qoʻshimcha Boʻstonliq tumanida $28 mlnlik grantlar hisobidan 20 megavatt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurilmoqda.

Yirik loyihalar qatorida Boʻstonliq tumanidagi Yuqori Pskom GES qurilishi alohida ahamiyatga ega. Qiymati $365 mln boʻlgan mazkur loyihaning quvvati 160 megavatt, yillik ishlab chiqarish hajmi 484 mln kilovatt-soat boʻladi. Bu 161 ming xonadonni elektr energiyasi bilan taʼminlash imkonini beradi. Loyihada mahalliy komponentlar ulushi 82% ni tashkil etadi.

Fargʻona viloyati Soʻx tumanida “milliy loyiha” tamoyili asosida Soʻx GES qurilishi rejalashtirilgan. Quvvati 15 megavatt boʻladigan ushbu stansiya yiliga 50 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, tumandagi elektr ehtiyojining 71% ini barqaror taʼminlashga xizmat qiladi.

Yuqori Toʻpalang hududining gidroenergetika salohiyati ham koʻrib chiqildi. “Toʻpalang” suv omboriga quyiladigan daryo va soylarda 42 ta kichik GES qurish orqali 541 megavatt quvvat yaratish, yiliga qariyb 1,9 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Dunyo amaliyotida gidro toʻplash elektr stansiyalarini qurish orqali energiyani saqlash va qayta taqsimlash tizimlari keng joriy etilayotgani ta’kidlandi. Mamlakatimizda ham ilk bor umumiy quvvati 1,4 gigavatt boʻlgan 3 ta shunday stansiyani barpo etish imkoniyatlari koʻrib chiqilmoqda.

Shuningdek, umumiy quvvati 164 megavatt boʻlgan 2983 ta kichik va mikro GES qurish rejalari muhokama qilindi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Prezident Toshkentda sun’iy ko‘l va suv havzalari sonini 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi
/
Prezident Toshkentda sun’iy ko‘l va suv havzalari sonini 12 taga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi
“UzLiDeP” banklarda SMS o‘rniga push-xabarnomalarni joriy etishni taklif qildi
/
“UzLiDeP” banklarda SMS o‘rniga push-xabarnomalarni joriy etishni taklif qildi
O‘zbekistonda dollar kursi 12 ming so‘mdan pastga tushdi
/
O‘zbekistonda dollar kursi 12 ming so‘mdan pastga tushdi