Toshkentda 265 o‘rinli Milliy onkologiya markazi qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolandi

Loyiha doirasida markaz xodimlari uchun uch bosqichli amaliy o‘quv dasturi ham tashkil etiladi

Toshkentda 265 o‘rinli Milliy onkologiya markazi qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolandi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda Milliy onkologiya markazini qurish loyihasi bo‘yicha Janubiy Koreyaning AUM & LEE Architects & Associates kompaniyasi bilan konsalting shartnomasini imzoladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Kelishuv Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov va kompaniya vitse-prezidenti Li Von Sok o‘rtasidagi uchrashuv yakunida tuzildi. Tomonlar loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichlarini muhokama qildi.

265 o‘ringa mo‘ljallangan markaz Toshkentda Koreya Eksport-import banki (Korea Eximbank) ishtirokida tashkil etilayotgan tibbiyot klasterining bir qismi bo‘ladi.

Shartnomaga ko‘ra, AUM & LEE konsorsiumi obyektni loyihalash, qurilishni boshqarish va ishlar sifatini nazorat qilish bo‘yicha maslahatlar beradi. Shuningdek, kompaniya tibbiy uskunalarni tanlash, markazning tibbiy xizmatlari va axborot tizimini rejalashtirishda ishtirok etadi.

Loyiha doirasida markaz xodimlari uchun uch bosqichli amaliy o‘quv dasturi ham tashkil etiladi. Dastur tibbiy yordam sifati, radiologiya, yadro tibbiyoti va nur terapiyasi yo‘nalishlarini qamrab oladi.

Biz uchun markazni yuqori sifatda barpo etish muhim. Koreya tomonining tajribasi va ish sifatiga ishonamiz, — dedi Eldor Adilov.

Vazirlik xabarida konsalting shartnomasining qiymati, xizmatlarni bajarish muddati va markaz qurilishi yakunlanadigan sana ko‘rsatilmagan.

Loyiha haqida nimalar ma’lum?

O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning moliyaviy ko‘magida Milliy onkologiya markazini qurish rejalari haqida bir necha yil avval ma’lum qilingan.

2019-yil iyun oyida Koreya hukumati Koreya Eksport-import bankining Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) orqali O‘zbekistonga $127,5 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda BRT avtobuslari uchun ajratilgan yo‘laklar uzunligi 8 kilometrga yaqinlashdi
/
Toshkentda BRT avtobuslari uchun ajratilgan yo‘laklar uzunligi 8 kilometrga yaqinlashdi
Oybek Tursunov Perfectum bosh ofisi va 2 mingdan ortiq aktivini 98,4 mlrd so‘mga sotib oladi
/
Oybek Tursunov Perfectum bosh ofisi va 2 mingdan ortiq aktivini 98,4 mlrd so‘mga sotib oladi
Markaziy Osiyoning besh davlati $5 mlrdlik gaz quvurlari tarmog‘i bilan birlashtirilishi mumkin
/
Markaziy Osiyoning besh davlati $5 mlrdlik gaz quvurlari tarmog‘i bilan birlashtirilishi mumkin