Markaziy Osiyoning besh davlati $5 mlrdlik gaz quvurlari tarmog‘i bilan birlashtirilishi mumkin

Loyiha doirasida 3 ming kilometrdan ortiq gaz quvurlarini qurish va modernizatsiya qilish taklif etilmoqda

Markaziy Osiyoning besh davlati $5 mlrdlik gaz quvurlari tarmog‘i bilan birlashtirilishi mumkin

Markaziy Osiyoning O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston davlatlarini yagona gaz tarmog‘i orqali birlashtirish taklif qilindi. Qiymati $5 mlrdga baholanayotgan loyiha mintaqa mamlakatlariga gazni o‘zaro moslashuvchan taqsimlash va, ayniqsa, qish oylarida talabning mavsumiy oshishini qoplash imkonini berishi kutilmoqda. Bu haqda Euronews xabar berdi.

3 ming kilometrdan ortiq gaz quvurlari quriladi

Central Asia Gas Ring tashabbusi mavjud gaz quvurlarini o‘zaro bog‘lash va yangi uchastkalarni qurishni nazarda tutadi. Qozog‘istonlik energetika eksperti Asqar Ismoilovning baholashicha, loyihaning umumiy qiymati qariyb $5 mlrdni tashkil etadi. Shundan $2 mlrd yangi obyektlar qurilishiga, yana $3 mlrd esa mavjud infratuzilmani modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Yangi tarmoqning yillik o‘tkazuvchanlik quvvati 20 mlrd kub metrga yetishi kutilmoqda. Biroq loyiha hozircha ishlab chiqish bosqichida. Moliyalashtirishning yakuniy sxemasi, besh davlat o‘rtasidagi kelishuvlar va qurilish muddatlari hali e’lon qilinmagan.

Mamlakatlar gazni o‘zaro taqsimlashi mumkin

Loyiha ishtirokchilari mintaqa mamlakatlaridagi gaz resurslari va iste’mol ehtiyojlari o‘rtasidagi farqlardan samaraliroq foydalanishni ko‘zlamoqda. Tabiiy gaz zaxiralari katta bo‘lgan Turkmaniston mintaqa bozorlariga yetkazib berish hajmini oshirishi mumkin. Gaz qazib chiqarish bilan birga uni katta hajmda iste’mol qiladigan O‘zbekiston va Qozog‘iston esa resurslarni qayta taqsimlash uchun qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Tarmoqning muhim afzalliklaridan biri — gaz yetkazib berish yo‘nalishlarini mavsumiy talabga qarab o‘zgartirish imkoniyati. Masalan, qishda O‘zbekiston, Qirg‘iziston yoki Tojikistonda iste’mol oshsa, gazni ushbu mamlakatlarga muqobil yo‘nalishlar orqali yetkazib berish mumkin bo‘ladi.

Buning uchun tranzit shartlari, yetkazib berish hajmlari va quvurlarning texnik ishlash parametrlari bo‘yicha kelishuvlarga erishish talab etiladi.

Loyiha uchun investorlar izlanmoqda

Asqar Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi dastlabki muzokaralardan so‘ng tashabbusga qiziqish bildirgan. Bundan tashqari, may oyida Global Gas Centre tashkiloti Qoraqalpog‘iston rasmiylari bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

Tashkilot Xitoy va Yaqin Sharq mamlakatlaridagi potensial investorlar bilan ham muzokaralar olib bormoqda. Hozircha aniq moliyaviy kelishuvlar e’lon qilinmagan.

Markaziy Osiyoning Yevropa bilan energetik aloqalari ham muhokama qilindi

Toshkentda o‘tkazilgan forumda Markaziy Osiyo mamlakatlarining Ozarbayjon va Yevropa bozorlari bilan hamkorlik istiqbollari ham ko‘rib chiqildi. Xususan, uglevodorodlar eksportini kengaytirish va yangi energetik hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Bunday hamkorlik misollaridan biri — O‘zbekistonning Ustyurt mintaqasida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish loyihasi. Unda Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi, Britaniyaning BP kompaniyasi va “O‘zbekneftgaz” ishtirok etmoqda.

Ozarbayjon tabiiy gazni Janubiy gaz yo‘lagi orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yetkazib beradi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu yo‘nalish orqali gaz yetkazib berish hajmi 12,5 mlrd kub metrga yetgan.

Markaziy Osiyoda yagona gaz tarmog‘ini yaratish va Yevropaga eksport yo‘nalishlarini kengaytirish esa hamkorlikning alohida yo‘nalishlari hisoblanadi. Birinchi loyiha, asosan, mintaqa ichida gaz taqsimotini moslashuvchan qilishga, ikkinchisi esa ishlab chiqaruvchilarning tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Oybek Tursunov Perfectum bosh ofisi va 2 mingdan ortiq aktivini 98,4 mlrd so‘mga sotib oladi
/
Oybek Tursunov Perfectum bosh ofisi va 2 mingdan ortiq aktivini 98,4 mlrd so‘mga sotib oladi
O‘zbekistonda ilk islomiy bank litsenziyasi “Open bank”ga berildi
/
O‘zbekistonda ilk islomiy bank litsenziyasi “Open bank”ga berildi
IFCB “Iman Invest” bilan hamkorlikni to‘xtatdi, kompaniya rahbari esa ayblovlarni rad etmoqda
/
IFCB “Iman Invest” bilan hamkorlikni to‘xtatdi, kompaniya rahbari esa ayblovlarni rad etmoqda