Toshkent va Maskat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar iyul oyida yo‘lga qo‘yiladi
Yil boshida ikki mamlakat o'rtasida parvozlar iyun oyidan boshlanishi haqida xabar berilgandi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida mamlakatga tashrif buyurgan Ummon Sultonligi iqtisodiyot vaziri Xamis bin Sayf al-Jabri bilan muzokara o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar izchil rivojlanayotgani, tovar ayirboshlash hajmi ortib borayotganini qayd etdi.
Shuningdek, muzokaralarda O‘zbekiston–Ummon investitsiya kompaniyasi (UzOman) ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, joriy yilning iyul oyidan boshlab Toshkent va Maskat shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
Suhbat chog‘ida transport va logistika, geologiya, elektron tijorat hamda raqamli infratuzilma yo‘nalishlarida istiqbolli tashabbuslarni ilgari surish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston–Ummon hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini Maskat shahrida o‘tkazishga kelishib oldi.
Avvalroq ikki mamlakat o’rtasida aviaqatnovlar iyun oyidan boshlanishi haqida xabar berilgandi. Reyslar haftasiga ikki marta bajariladi, parvoz vaqti taxminan 4 soatni tashkil etadi.
Shuningdek, 2025-yil aprel oyida “O‘zaviatsiya” Oman Air’ga O‘zbekistonga muntazam qatnovlarni amalga oshirish uchun ekspluatatsiya ruxsatnomasini bergan edi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ