Toshkent va Amman o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Yangi reyslar 30-iyundan boshlanadi va ikki mamlakat o‘rtasidagi turizm hamda biznes aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda

Toshkent va Amman o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

2026-yil 30-iyundan Toshkent va Iordaniya poytaxti Amman o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Shu munosabat bilan Amman shahrida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Tadbirda Iordaniyaning turizm sohasi vakillari, yetakchi turoperatorlar, mehmonxona biznesi rahbarlari hamda Royal Jordanian Airlines aviakompaniyasi mas’ullari ishtirok etdi.

Taqdimot davomida mehmonlarga O‘zbekistonning tarixiy va madaniy merosi, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan obidalar, shuningdek, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz bo‘ylab sayyohlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Bundan tashqari, mamlakatda ekologik, gastronomik, tibbiy va ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar taqdim etildi. Ziyorat turizmi imkoniyatlariga ham alohida e’tibor qaratilib, O‘zbekistondan yetishib chiqqan mashhur islom ulamolari va mutafakkirlari merosi, muqaddas qadamjolar hamda xorijlik ziyoratchilar uchun yaratilgan qulayliklar haqida so‘z yuritildi.

Ma’lum qilinishicha, yangi aviaqatnov O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi turizm, savdo, investitsiya, ishbilarmonlik hamda madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Jadvalga ko‘ra, Royal Jordanian Airlines kompaniyasining RJ196 reysi 30-iyun kuni Amman xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da jo‘nab, ertasi kuni soat 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.

Yangi havo yo‘nalishi ikki mamlakat o‘rtasidagi safar vaqtini qisqartirishi va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil avgust oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi podshohi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tgan edi. Unda kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, turizm hamda boshqa yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Nizomiy universitetining yana ikkita binosi auksionga qo‘yildi
/
Nizomiy universitetining yana ikkita binosi auksionga qo‘yildi
Rossiyaga vizasiz kiruvchi xorijliklar uchun RuID orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi
/
Rossiyaga vizasiz kiruvchi xorijliklar uchun RuID orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy bo‘ladi
Tadbirkorlarni tekshirishda elektron risk tahlili tizimi joriy etiladi
/
Tadbirkorlarni tekshirishda elektron risk tahlili tizimi joriy etiladi