Toshkent metrosini modernizatsiya qilish uchun $84,3 mln ajratiladi
Poytaxt metrosida yangi to‘lov tizimi, reklama maydonlari, Park & Ride tizimi va xususiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilmoqda
Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni Toshkent metropoliteni faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni tasdiqladi.
Hujjatda 13-may kuni poytaxt metrosini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan taqdimotda belgilangan maqsad va vazifalar mustahkamlangan. Unga ko‘ra, 2030-yilga qadar metrodan kunlik foydalanuvchilar sonini 1,8 mln nafarga yetkazish, stansiyalar sonini 79 taga, yo‘nalishlar uzunligini esa 103 kilometrgacha kengaytirish maqsad qilingan.
Shuningdek, metro infratuzilmasiga xususiy investitsiyalarni jalb qilish, moliyaviy barqarorlikni mustahkamlash va korporativ boshqaruv tizimini yaxshilash ustuvor yo‘nalishlar etib belgilangan.
“Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi Transport vazirligi nomidan davlatga tegishli bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatiga aylantiriladi. Metro liniyalarini qurish direksiyasi negizida esa “Yagona buyurtmachi injiniring xizmati” MChJ tashkil etiladi.
Uch oy ichida kuzatuv kengashidagi o‘rinlarning kamida 50% iga mustaqil a’zolar tayinlanishi kerak. Shuningdek, 1-avgustgacha “Toshkent metropoliteni” birinchi rais o‘rinbosari lavozimiga moliya va transformatsiya masalalari bo‘yicha xorijiy tajribaga ega yuqori malakali mutaxassislar nomzodi taqdim etiladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi poytaxt metrosiga bosqichma-bosqich $84,3 mln ajratadi. Mablag‘lar kompaniya arizalari asosida 10 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan, yillik 5% stavkada taqdim etiladi.
2028-yil oxirigacha metrodagi reklama maydonlari, jumladan vagonlar ichidagi ekranlar xususiy media kompaniyalarga ijaraga beriladi. Olingan daromadlar to‘liq “Toshkent metropoliteni” ixtiyorida qolib, rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, stansiyalar kirish qismi va o‘tish yo‘laklarida vending avtomatlari hamda ko‘chma savdo nuqtalari o‘rnatiladi. Xususiy biznes vakillariga xavfsiz faoliyat turlarini tashkil etish, bo‘sh turgan binolarni mini-ofis va kovorking markazlari uchun ijaraga olish imkoniyati yaratiladi.
Qo‘shimcha daromad manbai sifatida metro stansiyalari yaqinida Park & Ride avtoturargoh tizimi joriy etiladi. Undan foydalangan haydovchilar metro chiptalari uchun chegirmalarga ega bo‘ladi.
Transport vazirligi va “Toshkent metropoliteni” 2030-yilgacha bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun yangi poyezdlarni xarid qilish rejasini iyul o‘rtalarigacha taqdim etishi kerak. Shu muddatda metro uchun zarur texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar va komplektatsiyalarni import bojlaridan ozod qilish bo‘yicha ham takliflar kiritiladi.
Shuningdek, 2027-yil boshidan jamoat transporti uchun yangi to‘lov tizimiga o‘tish taklif etilgan. Unga ko‘ra, yo‘l haqi masofaga qarab hisoblanadi, kunlik, haftalik va oylik abonementlar hamda ayrim toifadagi fuqarolar uchun imtiyozlar joriy qilinadi.
Metro va Turizm qo‘mitasi 2026-yil oxirigacha xorijiy sayyohlar uchun qulayliklarni oshirish choralarini ishlab chiqadi.
2027-yil 1-aprelgacha esa poytaxt bosh rejasiga va barqaror rivojlanish maqsadlariga mos holda 2035-yilgacha mo‘ljallangan metro rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi. Unda metro liniyalarini ikki baravar kengaytirish, yo‘lovchilar oqimini 2,5 baravar oshirish, qo‘shimcha daromad manbalari yaratish va ekologik xavfsiz transport tizimini shakllantirish ko‘zda tutiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ