Toshkent shahrida ijara narxlari bir yilda 9,1% ga oshdi — ITIM
Xususan, Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $11 atrofida shakllangan
Kapital.uz avval xabar berganidek, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan aprel oyida uy-joy bozori sharhi tayyorlandi.
Unda qayd etilishicha, Toshkent shahrida ikkilamchi uy-joy narxlari o‘smoqda. Birlamchi bozorda o‘sish sur’ati nisbatan yuqori. Yillik hisobda ikkilamchi uy-joy bozorida bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 6,1% ga oshdi. Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Mirzo Ulug‘bek tumanida 9,2%, Mirobod tumanida 9% va Chilonzor tumanida 8,3% ni tashkil etdi.
Birlamchi uy-joy segmentida narxlar o‘sishi ikkilamchi bozorga nisbatan yuqoriroq bo‘lmoqda. O‘tgan yilning aprel oyiga nisbatan bir kvadrat metrning o‘rtacha qiymati 8,8% ga oshdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Yunusobod tumanida 17,3%, Mirzo Ulug‘bek tumanida 16,8% va Bektemir tumanida 11,3% darajasida qayd etildi.
Toshkent shahrida ijara narxlari
Aprel oyida Toshkent shahrida uy-joy ijarasining o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan $9,2 ni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,1% yuqoridir. Ijara narxlarining eng yuqori darajasi Toshkentning markaziy tumanlarida saqlanib qolmoqda. Xususan, Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $11 atrofida shakllangan.

Shu bilan birga, yillik hisobda ijara narxlarining eng yuqori o‘sish sur’atlari Yashnobod tumanida 18,2%, Bektemir tumanida 16,7% va Yunusobod tumanida 14,3% darajasida qayd etildi.
Shu tariqa, Toshkent shahrida ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq o‘sishda davom etmoqda. Bir yil davomida o‘rtacha ijara narxlari 9,1% ga oshgan bo‘lsa, uy-joy narxlarining umumiy indeksi 7,6% ga o‘sdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ