Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 125 ming ortiq uy-joy bitimlari imzolandi

Xususan, kkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 8,5% ga oshdi

Yil boshidan buyon O‘zbekistonda 125 ming ortiq uy-joy bitimlari imzolandi

O‘zbekistonda 2026-yil boshidan buyon uy-joy oldi-sotdi bitimlari hajmi 125 mingtadan oshdi. Aprel oyi yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 34,8% ga ko‘p.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilishicha, mart oyida uy-joy bozoridagi faollikning yuqori bo‘lishi, asosan, apreldan joriy etilgan eskrou hisob-kitob tizimi bilan bog‘liq. Aprel oyi davomida uy-joy bo‘yicha 23,3 mingta bitim rasmiylashtirildi.

Hududlar kesimida

Savdolar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryo viloyatida qayd etildi. 2026-yilning yanvar—aprel oylarida viloyatda bitimlar soni 50% ga oshdi. Andijon viloyatida o‘sish 42% ni tashkil etdi. Toshkent shahrida esa yil boshidan buyon uy-joy savdosi 46% ga ko‘paydi.

Uy-joy bozoridagi faollik qurilish hajmining oshishi bilan ham bog‘liq. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, 15,9 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 2,8% yuqori.

Shu bilan birga, hududlar o‘rtasida uy-joy qurilishi hajmi bo‘yicha farq saqlanib qolmoqda. Xususan, 2025-yilda Sirdaryo viloyatida 136,1 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirilgan bo‘lsa, Andijon viloyatida bu ko‘rsatkich 1,33 mln kvadrat metrni, Toshkent shahrida esa qariyb 1 mln kvadrat metrni tashkil etdi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra, eng yuqori qurilish hajmi Toshkent viloyatida kuzatildi. Bu yerda foydalanishga topshirilgan uy-joylar maydoni qariyb 2 mln kvadrat metrga yetdi. Sirdaryo viloyatida uy-joy savdosining oshishiga qurilish hajmining ko‘payishi ham ta’sir qilmoqda. Yil oxiriga qadar hududda 3,5 mingta yangi xonadon foydalanishga topshirilishi kutilmoqda. Umuman olganda, joriy yilda O‘zbekiston bo‘yicha 140 mingta yangi turar joyni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar

Respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘rtacha 8,5% ga oshdi. Narxlar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryo viloyatida 20%, Surxondaryo viloyatida 16,5% va Buxoro viloyatida 16,3% ni tashkil etdi.

Yanvar–aprel oylarida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘rtacha 2,9% ga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish sur’atlari Surxondaryo viloyatida 7,4%, Samarqand viloyatida 6,3% va Xorazm viloyatida 6,2% darajasida qayd etildi.

Hududlar kesimida narxlar darajasidagi farq saqlanib qolmoqda. Eng qimmat bozor hanuz Toshkent shahri bo‘lib, aprel oyida ikkilamchi uy-joyning o‘rtacha qiymati bir kvadrat metr uchun taxminan $1,150 ni tashkil etdi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati qariyb $900 va Toshkent viloyati $690 bilan qayd etildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

TBC Uzbekistan biznes uchun to‘liq raqamli ish haqi loyihasini ishga tushirdi
/
TBC Uzbekistan biznes uchun to‘liq raqamli ish haqi loyihasini ishga tushirdi
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Biznes kengashi tashkil etiladi
/
O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Biznes kengashi tashkil etiladi
1-iyulda mudofaa tizimi xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi
/
1-iyulda mudofaa tizimi xodimlarining ish haqi 20% ga oshiriladi