“TBC Bank Group” “OLX Uzbekistan” nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi

Kelgusida platformaga bank va to‘lov xizmatlarini integratsiya qilinishi rejalashtirilmoqda

“TBC Bank Group” “OLX Uzbekistan” nazorat paketini sotib olganini e’lon qildi

O‘zbekistondagi yirik raqamli moliyaviy ekotizimlardan birining operatori bo‘lgan “TBC Bank Group” O‘zbekistondagi onlayn e’lonlar bozori yetakchisi — “OLX Uzbekistan” (“OLX CLASSIFIEDS” MChJ XK) nazorat ulushini sotib olish bo‘yicha bitim yakunlanganini Kapital.uz’ga ma’lum qildi.

Bitim O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi roziligidan so‘ng yakunlangan. Ulushning o‘tishi bilan bog‘liq davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari yaqin kunlarda yakunlanishi kutilmoqda.

Mazkur xaridni amalga oshirish uchun “TBC Bank Group” Yaqin Sharqdagi investitsion xolding “Titan Investments” bilan qo‘shma korxona tashkil etdi. Qo‘shma korxona “OLX Uzbekistan” ning 100% ulushini sotib olgan bo‘lib, unda “TBC Bank Group” 50% va bitta aksiya, “Titan Investments” esa qolgan ulushga egalik qiladi.

“TBC Bank Group” ma’lumotlariga ko‘ra, “OLX Uzbekistan” mamlakatdagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan o‘nta veb-saytdan biri hisoblanadi. Platformada har oy 5 mln faol foydalanuvchi bo‘lib, xizmatlar, tovarlar, transport va ko‘chmas mulk yo‘nalishlarida 2 mln faol e’lon joylashtiriladi. Platforma O‘zbekistondagi internet foydalanuvchilarining qariyb 17% iga xizmat ko‘rsatadi.

Qayd etilishicha, “OLX Uzbekistan” o‘z brendi ostida mustaqil onlayn e’lonlar platformasi sifatida faoliyatini davom ettiradi. Kelgusida “TBC Uzbekistan” platformaga moliyaviy va to‘lov xizmatlarini integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. Kompaniya bu foydalanuvchilar faolligini oshirishi va yangi mahsulotlarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishini kutmoqda.

“TBC Uzbekistan” bosh direktori Nika Kurdianining ta’kidlashicha, ushbu xarid kompaniyaning daromadli va yuqori o‘sish salohiyatiga ega aktivlarni ekotizimiga qo‘shish strategiyasining muhim bosqichi hisoblanadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “OLX Uzbekistan” ning xarid qilinishi “TBC Uzbekistan” ga yangi biznes yo‘nalishiga kirish, millionlab yangi mijozlarni jalb qilish, mahsulotlar qatorini kengaytirish hamda qo‘shimcha sinergiya imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beradi.

Shuningdek, kompaniya “OLX Uzbekistan” ning mustaqilligi va ochiq platforma sifatidagi faoliyati saqlab qolinishi, asosiy e’tibor esa yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqishga qaratilishini ma’lum qildi. “TBC Bank Group” va “Titan Investments” hamkorligi raqamli biznesni rivojlantirish bo‘yicha tajribani birlashtirishi, “TBC Uzbekistan” esa bank mahsulotlarini platformaga integratsiya qilish va yangi xizmatlarni yaratishga e’tibor qaratishi qayd etildi.

Eslatib o’tamiz, 2025-yilning avgust oyida TBC Bank Group “OLX Classifieds” dan OLX Uzbekistan’ning 100%  lik ulushini sotib olganini e’lon qilgandi. Bitim summasi oshkor qilinmagan.

2026-yilning iyun oyiga kelib Raqobat qo’mitasi Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan “Tapuz Limited” ushbu xaridi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik bergandi.

Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillar davomida “Tapuz Limited” kompaniyasining asosiy aksiyadori bo‘lgan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi O‘zbekistonda “TBC bank” raqamli tijorat banki hamda “Payme” onlayn to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qilishi, shuningdek, “Payme” AJ  va “OLX Classifieds” MCHJ XK raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritilganligi inobatga olingan.

“Tapuz Limited” kompaniyasi esa O‘zbekistonda onlayn reklama xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar ustav fondida ulushga ega emasligi aniqlangan.

Biroq bitimga rozilik berilganiga qaramay, kompaniyaga bir qator talablar kiritilgan. Xususan:

  • “Tapuz Limited” kompaniyasining aksiyadorlaridan biri hisoblangan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi nazoratidagi raqamli platformalar orqali “OLX” raqamli platformasining hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • “OLX” raqamli platformasi orqali to‘planadigan yoki qayta ishlanadigan ma’lumotlardan foydalanishda, shuningdek “TBC bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlaridan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik yoki ularni oshkor qilmaslik, ustun mavqeni suiiste’mol qilmaslik hamda iste’molchilar huquqlarini kamsitmaslik choralarini ta’minlash;
  • “OLX” raqamli platformasi orqali xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda faqat “Payme” yoki “TBC bank” mobil ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi to‘lov xizmatlari uchun teng sharoitlar yaratish choralarini ko‘rilishi kerak.

Eslatib o’tamiz, 2025-yilning may oyida OLX O‘zbekistondagi onlayn e’lonlar bozorida ustun mavqega ega platforma deb e’lon qilingandi. 

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% gacha pasaytirdi
/
Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani yillik 14% gacha pasaytirdi
O‘zbekistonda propiskaga rozilikni onlayn rasmiylashtirish platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda
/
O‘zbekistonda propiskaga rozilikni onlayn rasmiylashtirish platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun $105 mln yo‘naltiriladi
/
O‘zbekistonda parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun $105 mln yo‘naltiriladi