O‘zbekistonda propiskaga rozilikni onlayn rasmiylashtirish platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda

Ichki ishlar vazirligining yangi xizmati 1-avgustdan ishga tushishi kutilmoqda

O‘zbekistonda propiskaga rozilikni onlayn rasmiylashtirish platformasi ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ko‘chmas mulk egalari boshqa shaxslarni propiskaga qo‘yishga masofadan turib rozilik berishi mumkin bo‘lgan E-Rozilik elektron tizimini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilingan hujjat loyihasida so‘z boradi.

Kutilishicha, E-Rozilik raqamli platformasi 1-avgustdan ish boshlaydi. Mazkur resurs migratsiya va shaxsni identifikatsiya qilish sohasidagi xizmatlarni ko‘rsatishda fuqarolarni masofadan identifikatsiya qilish hamda ularning roziligini olish uchun mo‘ljallangan. Foydalanuvchilarning shaxsini tasdiqlash uchun Face-ID va MyID texnologiyalari integratsiya qilinadi.

Elektron shaklda berilgan rozilik hujjati mamlakat hududida qog‘oz shaklidagi hujjat bilan teng yuridik kuchga ega bo‘ladi.

Hujjatni rasmiylashtirish uchun foydalanuvchi tizimga kirib, maxsus shaklni to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Unda jarayon ishtirokchilari (jismoniy yoki yuridik shaxslar), berilayotgan rozilik turi va uning amal qilish muddati ko‘rsatiladi. Ariza biometrik ma’lumotlar yordamida tasdiqlanadi. Tizim tomonidan avtomatik tasdiqlangandan so‘ng, hujjat oluvchiga SMS yoki Passport-Visa mobil ilovasi orqali xabarnoma yuboriladi.

Onlayn ilova orqali rozilikni rasmiylashtirish uchun BHMning 50%i miqdorida to‘lov undiriladi (hozirda bu 206 ming so‘m, 1-sentabrdan esa 220 ming so‘mni tashkil etadi). Agar fuqaro migratsiya bo‘limiga shaxsan murojaat qilsa, to‘lov BHMning 30% ini tashkil etadi (123,6 ming so‘m, 1-sentabrdan esa 132 ming so‘m).

Platformada quyidagi turdagi roziliklarni o‘z ichiga olgan elektron reyestr yuritiladi:

  • ko‘chmas mulk egasi yoki fuqaroning o‘zi tomonidan doimiy va vaqtincha propiskaga qo‘yishga rozilik;
  • propiskani bekor qilishga rozilik;
  • uy-joy egasining chet el fuqarolarini vaqtincha ro‘yxatdan o‘tkazishga rozilig;
  • taqiq ostidagi ko‘chmas mulkka propiska qilish uchun banklarning roziligi;
  • O‘zbekiston fuqarolari va chet el fuqarolari nomidan migratsiya organlariga hujjat topshirish va olishga rozilik;
  • muayyan manzilda propiskada turgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotnomani (17-shakl) olishga rozilik;
  • ota-onalar va turmush o‘rtoqlarning O‘zbekiston fuqaroligidan chiqishga roziligi;
  • ota-onalar va turmush o‘rtoqlarning doimiy yashash uchun xorijga chiqishga roziligi;ota-onalar yoki vasiylarning voyaga yetmaganlarga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga roziligi;
  • ota-onalar yoki vasiylarning 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarning mustaqil ravishda chet elga chiqishiga roziligi;
  • ota-onalar yoki vasiylarning 16 yoshgacha bo‘lgan bolaga ID-karta rasmiylashtirishiga roziligi.

Fuqarolar shaxsiy ma’lumotlari o‘zgarganda, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar almashtirilganda, yuridik shaxs nomi o‘zgarganda yoki hujjatning amal qilish muddati uzaytirilganda topshirilgan arizaga o‘zgartirish kiritish huquqiga ega bo‘ladi.

Rozilik davlat xizmati amalda ko‘rsatilguniga qadar istalgan vaqtda bekor qilinishi mumkin, ikkinchi tomon esa uni rad etish huquqiga ega. Bunda to‘langan davlat boji qaytarilmaydi.

Bundan tashqari, Vakolat.uz xizmati orqali rasmiylashtirilgan hujjatlar ham avtomatik ravishda yagona bazaga uzatiladi. Adliya vazirligiga loyiha tasdiqlanganidan keyin ikki oy ichida o‘z tizimini Passport-Visa majmuasi bilan integratsiya qilish topshirilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

O‘zbekistonda parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun $105 mln yo‘naltiriladi
/
O‘zbekistonda parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun $105 mln yo‘naltiriladi
Moskva birjasi, banklar va “Lukoyl”: Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi
/
Moskva birjasi, banklar va “Lukoyl”: Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi
Xitoyning COVEC kompaniyasi Toshkent — Samarqand pullik avtomobil yo‘lini quradi
/
Xitoyning COVEC kompaniyasi Toshkent — Samarqand pullik avtomobil yo‘lini quradi