O‘zbekistonda parrandachilikni qo‘llab-quvvatlash uchun $105 mln yo‘naltiriladi
Mablag‘lar 10 yil muddatga yillik 10% stavkada kredit sifatida beriladi
O‘zbekistonda parrandachilik loyihalarini imtiyozli kreditlash bo‘yicha yangi dastur ishga tushiriladi. Ushbu maqsadlar uchun moliyalashtirish ajratiladi. Tegishli qaror Lex.uz portalida e’lon qilindi.
Joriy yilning 1-avgustidan boshlab parrandachilik fermalarini qurish uchun maqsadli kreditlar ajratish boshlanadi. Qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari va “tayyor biznes” formatidagi korxonalarni moliyalashtirish “Mikrokreditbank” orqali amalga oshiriladi.
Kredit mablag‘lari 10 yil muddatga yillik 10% stavkada beriladi. Ushbu stavkaga bankning 4% lik marjasi ham kiritilgan. Shuningdek, qarz oluvchilar uchun dastlabki to‘rt yilni qamrab oluvchi imtiyozli davr ham nazarda tutilgan.
1-sentyabrdan boshlab xuddi shunday kredit stavkasi parrandachilik uchun omuxta yem ishlab chiqaruvchilar va mazkur sohada “tayyor loyiha”larni amalga oshiruvchi korxonalar uchun ham amal qiladi. Ushbu shartlar faqat yangi tuziladigan kredit shartnomalariga tatbiq etiladi.
Dasturni moliyalashtirish uchun “Mikrokreditbank” Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan $105 mlnning so‘mdagi ekvivalentini oladi. Mazkur mablag‘ bankka 10 yil muddatga yillik 6% stavkada ajratiladi.
Avvalroq, 21-iyul kuni yilning birinchi yarmi yakunlariga bag‘ishlangan hukumat yig‘ilishida chorvachilik sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash kengaytirilishi ma’lum qilingandi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan ajratilayotgan 1 trln so‘mdan tashqari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hisobidan ushbu maqsadlar uchun qo‘shimcha $50 mln yo‘naltiriladi.
Soha bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov davomida aniqlangan chorva yetishmovchiligini qoplash maqsadida yil oxirigacha 100 ming bosh qoramol, shuningdek, 150 ming bosh qo‘y va echki import qilinishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, go‘sht mahsulotlarini havo transporti orqali import qilish bo‘yicha amaldagi imtiyozlar joriy yil dekabr oyi oxirigacha uzaytiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ