O‘zbekistonda tadbirkorlarning 64%i biznes muhiti yaxshilanganini qayd etdi
Biznes muhitiga berilgan ijobiy baholar o‘tgan yilga nisbatan 8% bandga oshdi
Фото: «РИА Новости»
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda biznes kayfiyati ijobiy o‘sishni davom ettirdi. Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda ishtirok etgan tadbirkorlarning aksariyati iqtisodiy faollik, biznes muhiti va bandlik bo‘yicha vaziyatni o‘tgan yilga nisbatan yaxshiroq baholagan.
So‘rovda jami 2 487 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 64%i joriy biznes sharoitlari 2025-yilning birinchi choragiga nisbatan yaxshilanganini bildirgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 56% ni tashkil etgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi ikki yil davomida ushbu ko‘rsatkichning o‘rtacha 50% dan yuqori darajada shakllanayotgani tadbirkorlarning biznes muhitiga bo‘lgan ishonchi barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida respondentlarning 60%i biznes sharoitlari yaxshilanganini qayd etgan. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 14% bandga yuqori.
Ayniqsa, umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, kommunal xizmatlar va ta’lim sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar biznes muhiti sezilarli yaxshilanganini ta’kidlagan.
So‘rov ishtirokchilari bank xizmatlari sifati, kredit olish imkoniyatlari, raqobat muhiti, litsenziya va ruxsatnomalar bilan bog‘liq jarayonlar, ma’muriy aralashuvlarning kamayishi hamda elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha ham ijobiy o‘zgarishlarni qayd etgan.
Bundan tashqari, buyurtmalar va ishlab chiqarish hajmi oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi o‘tgan yilga nisbatan mos ravishda 11% va 17% bandga ko‘paygan. Respondentlarning 53%i esa energiya iste’moli ortganini ma’lum qilgan.
Mehnat bozorida ham faollik kuzatilgan. Qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj oshganini bildirgan tadbirkorlar ulushi bir yil ichida 16% bandga ko‘paygan.
Shuningdek, tadbirkorlarning 70%i kelgusi uch yil davomida mamlakat iqtisodiyoti va biznes muhitining yanada yaxshilanishiga ishonch bildirgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ