Kelgusi oylarda so‘m kursiga yuqori bosim kutilmayapti — Markaziy bank
Regulyator prognozda energiya tariflarining 10% gacha oshirilishi ehtimolini qayd etgan
Bugun, 29-aprelda Markaziy bank Boshqaruvi raisi ishtirokida asosiy stavkani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha qaror yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda ma’lum qilinishicha, real samarali almashinuv kursi mart oyida biroz mustahkamlangan bo‘lsa-da, yil boshidan buyon 1,6% ga qadrsizlangan. Bunga dastlabki ikki oyda milliy valyuta kursining pasayishi hamda asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalarining mustahkamlanishi sabab bo‘lgan. Shu bilan birga, kelgusi oylarda so‘mning real almashinuv kursiga yuqori bosimlar kutilmayotgani ta’kidlandi.
Inflyatsion kutilmalarni hisobga olganda, depozitlarning real foiz stavkalari aholi uchun 8,5%, yuridik shaxslar uchun esa 4,4% ni tashkil etgan. Likvidlik tartibga solinishi natijasida UZONIA benchmark foiz stavkasi asosiy stavkaga yaqin darajada shakllanib, mart oyida o‘rtacha 13,7% ni tashkil etdi.
2026-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, bank tizimidagi jami depozitlar qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 36,1% ga oshib, 325 trln so‘mga yetgan.
Shuningdek, regulyator inflyatsiya prognozida energiya tariflarining 10% gacha oshirilishi ehtimolini ham inobatga olganini ma’lum qildi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ