Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoldi

Inflyatsiya yil yakunida 6,5% atrofida kutilmoqda, uni 5% ga tushirish uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolinadi

Markaziy bank asosiy stavkani 14% darajasida saqlab qoldi

O‘zbekiston Markaziy banki pul-kredit siyosati bo‘yicha navbatdagi qarorini e’lon qildi. Unga ko‘ra, asosiy stavka 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Regulyator qarori inflyatsiya dinamikasi, iqtisodiy faollik va tashqi xatarlar tahlili asosida qabul qilingan. So‘nggi oylarda inflyatsiya pasayish tendensiyasini saqlab qolayotgan bo‘lsa-da, narxlar barqarorlashuvi sur’atlari sekinlashgani kuzatilmoqda.

2026-yil mart oyida yillik inflyatsiya 7,1% gacha tushdi, bazaviy inflyatsiya esa 5,7% ni tashkil etdi. Shu bilan birga, inflyatsion kutilmalar prognoz darajasidan yuqoriligicha qolmoqda.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, yil yakunida umumiy inflyatsiya 6,5% atrofida shakllanishi kutilmoqda. Markaziy bank inflyatsiyani 5% maqsadli darajaga tushirish uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish zarurligini ta’kidlamoqda.

Joriy yilning birinchi choragida iqtisodiyotda yuqori o‘sish qayd etildi — yalpi ichki mahsulot real hisobda 8,7% ga oshdi. Xizmatlar, qurilish va savdo sohalaridagi faollik yalpi talabning yuqoriligini ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, investitsiyalar, jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining oshishi kelgusi davrda iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu asosda 2026-yil uchun o‘sish prognozi 7–7,5% gacha oshirildi.

Tashqi omillar ham inflyatsiyaga bosim ko‘rsatishi mumkin. Xususan, geosiyosiy vaziyat keskinlashuvi fonida jahon bozorlarida neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi ehtimoli mavjud. Bu esa import narxlari orqali ichki bozorda qo‘shimcha inflyatsion bosimni kuchaytiradi.

Biroq asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi, oltin narxining yuqori darajada saqlanishi hamda eksport tushumlari va pul o‘tkazmalarining o‘sishi ichki valyuta bozoridagi taklifni qo‘llab-quvvatlamoqda.

Markaziy bankka ko‘ra, ijobiy real foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini oshiradi va kreditlash sur’atlarini muvozanatlashtiradi.

Regulyator inflyatsiya, inflyatsion kutilmalar va tashqi xatarlarni diqqat bilan kuzatishda davom etadi. Agar inflyatsion bosimlar kuchaysa yoki target darajaga erishish kechiksa, pul-kredit siyosati qo‘shimcha ravishda qat’iylashtirilishi mumkin.

Markaziy bankning asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 17-iyun kuniga belgilangan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Rossiya o‘zbekistonlik yuk haydovchilari uchun mamlakatda bo‘lish muddatini 2 baravar uzaytirdi
/
Rossiya o‘zbekistonlik yuk haydovchilari uchun mamlakatda bo‘lish muddatini 2 baravar uzaytirdi
Farg‘ona xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini barpo etilishi rejalashtirilmoqda
/
Farg‘ona xalqaro aeroportida yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini barpo etilishi rejalashtirilmoqda
O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari va valyuta sotib olish tartibi soddalashtirildi
/
O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari va valyuta sotib olish tartibi soddalashtirildi