Soliq qo’mitasi barcha omonatlar va pul o’tkazmlarini nazorat qilishi mumkin
Taklif qilinayotgan qaror loyihasiga ko'ra, banklar avtomatik karta tushumlari, omonatlar va ayrim operatsiyalar haqida ma'lumot beradi
Фото: «РИА Новости»
O‘zbekistonda banklar va Soliq qo‘mitasi o‘rtasida elektron axborot almashinuvi tizimini kengaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, agar bir jismoniy shaxsning bank kartasiga bir oy davomida boshqa jismoniy shaxslarning kartalari yoki elektron hamyonlaridan tushgan mablag‘larning umumiy summasi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 500 baravariga yoki undan ko‘proq bo‘lsa, bank bu haqda Soliq qo‘mitasiga ma’lumot taqdim etadi.
1-iyuldan kuchga kiradigan bazaviy hisoblash miqdori 440 ming so’mni tashkil qilsa, kelgusida Soliq qo’mitasi qiymati 220 mln so’mdan yuqori pul o’tkazmlarini nazorat qilishi mumkin.
Bunda yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari, shuningdek, shaxsning o‘z kartalari o‘rtasidagi operatsiyalar hisobga olinmaydi. Taqdim etiladigan ma’lumotlar tarkibiga pul yuborilgan kartalar va elektron hamyonlar, shuningdek, ularning egalarining JShShIRlari ham kiritiladi.
Loyiha noqonuniy tadbirkorlik, yashirin savdo va xizmatlar uchun muntazam karta orqali qabul qilinadigan to‘lovlarni aniqlashga qaratilgani qayd etilgan.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasi banklardan elektron so‘rov orqali hisobvaraqlardagi va omonatlardagi qoldiq mablag‘lar, ma’lum davr uchun operatsiyalar ko‘chirmalari hamda soliq majburiyatlari bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni talab qilishi mumkin bo‘ladi. Banklar bunday ma’lumotlarni uch kun ichida taqdim etishi lozim.
Mazkur talablar talab qilib olinguncha hisobvaraqlar, muddatli omonatlar, xorijiy valyutadagi hisoblar va maxsus hisobvaraqlarga ham tatbiq etiladi.
Loyihada omonatlar bo‘yicha ham yangi tartiblar nazarda tutilgan. Banklar omonat ochilganda, yopilganda yoki rekvizitlari o‘zgarganda ushbu ma’lumotlarni uch kun ichida Soliq qo‘mitasiga elektron shaklda yuboradi. Natijada, soliq organlari qaysi shaxsning qaysi bankda omonati mavjudligini avtomatik ravishda ko‘ra oladi.
Bundan tashqari, soliq organlari omonatlardagi mablag‘ qoldig‘i, pul harakati va operatsiyalar tarixi bo‘yicha ma’lumotlarni ham elektron shaklda so‘rashi mumkin bo‘ladi.
Qonun loyihasi xorijiy elektron xizmatlar uchun amalga oshiriladigan to‘lovlarni ham qamrab oladi. Banklar har oy Netflix, Google, Meta, Apple, Amazon va boshqa xorijiy servislar foydasiga jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshirilgan to‘lovlar haqida Soliq qo‘mitasiga ma’lumot taqdim etadi. Biroq bu ma’lumotlar shaxsga doir ma’lumotlar ko‘rsatilmagan holda yuboriladi.
Hujjatning muhim qismi yuridik shaxslar va tadbirkorlarga qaratilgan. Banklar Soliq qo‘mitasiga hisobvaraqlar ochilishi va yopilishi, naqd pul tushumlari, terminal tushumlari, maxsus hisobvaraqlardagi qoldiqlar va yirik operatsiyalar haqida muntazam axborot berib boradi.
Yirik operatsiyalar mezoni yuridik shaxslar uchun BHMning ming baravari (440 mln so’m) dan, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun esa BHMning 500 baravaridan yuqori operatsiyalarni qamrab oladi. Shuningdek, BHMning 500 baravaridan yuqori naqd pul yechish operatsiyalari ham nazorat ostiga olinadi.
Loyihada olingan ma’lumotlar soliq siri hisoblanishi, ulardan faqat soliq maqsadlarida foydalanilishi va uchinchi shaxslarga oshkor etilishi taqiqlanishi alohida qayd etilgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ