SOCAR O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi
Ozarbayjon davlat kompaniyasi mamlakat energetika sektoridagi ishtirokini kengaytirmoqda
Фото: пресс-служба президента
Ozarbayjonning SOCAR kompaniyasi O‘zbekistonda rasman o‘z vakolatxonasini ochadi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni SOCAR rahbari Ravshan Najaf hamda British Petroleum (BP) kompaniyasining top-menejerlari Ariel Flores va Jovanni Kristofoli bilan muzokaralar o‘tkazdi. Uchrashuvning asosiy mavzusi yoqilg‘i-energetika majmuasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda Ozarbayjon tomoni Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihalarida ishtirok etmoqda. Suhbat davomida prezident British Petroleum kompaniyasining mazkur loyihadagi ishtirokini ijobiy baholadi. Qo‘shma faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida mamlakatda SOCAR vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Hamkorlar geologik qidiruv, qazib olish va xomashyoni zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlashga e’tibor qaratishni, shuningdek neft va neft mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida soha uchun malakali kadrlar tayyorlash ham belgilangan.
Shuningdek, Ravshan Najaf Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi rahbari sifatida 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida o‘tkaziladigan U-20 yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatini tashkil etishga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
2025-yil iyul oyida Energetika vazirligi, SOCAR va “O‘zbekneftgaz” Ustyurtda mahsulot taqsimoti bo‘yicha bitim imzolagan edi. Ishlar rejasi 1 ming kvadrat kilometr maydonda 3D-seysmik qidiruv ishlari o‘tkazish va razvedka qudug‘ini burg‘ilashni nazarda tutadi. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, tomonlar aniqlangan konlarni to‘liq o‘zlashtirish bosqichiga o‘tadi.
Mamlakat shimoli-g‘arbidagi mazkur loyihaga umumiy $2 mlrd investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, neft zaxiralari 100 mln tonna, tabiiy gaz zaxiralari esa 35 mlrd kub metrni tashkil etadi. Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, bu resurslar mamlakatning ichki ehtiyojini 25 yil davomida qoplash imkonini beradi.
Avvalroq loyiha ishtirokchilari safiga British Petroleum ham qo‘shilib, 40% lik ulushga ega bo‘lgan edi. Qolgan 30% dan ulushlar “O‘zbekneftgaz” va Ozarbayjon tomoniga taqsimlangan. Ishlar Bayterak, Terenquduq va Qoraqalpoq hududlari qatoridagi oltita investitsiya maydonini qamrab oladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ