O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar uchun iste’molchilarga kompensatsiya to‘lanadi
Tegishli hujjat loyihasi 2026-yil dekabrgacha ishlab chiqiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda elektr ta’minotidagi uzilishlar belgilangan muddatlarda bartaraf etilmagani uchun iste’molchilarga kompensatsiya to‘lash mexanizmi joriy etiladi. Bu prezidentning 22-sentyabrda imzolangan PF-202-son farmonida belgilandi.
Bu bo‘yicha 2026-yil dekabrga qadar tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqiladi. Hujjat loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi buning uchun mas’ul bo‘ladi.
Tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar jadallashtiriladi. 2026-yil noyabr oyida bu borada tajribali konsultantlarni jalb qilish maqsadida xalqaro moliya institutlari bilan muzkalarlar o‘tkaziladi. Dekabr oyida xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magida konsultantlar jalb qilinadi. Fevral oyiga kelib ular bilan birga tabiiy gaz yetib borishini qiyin bo‘lgan hududlarni elektrlashtirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi.
Konsepsiyada quyidagilar nazarda tutiladi:
- elektrlashtiriladigan iste’molchilar, shuningdek, tabiiy gaz ta’minoti mavjud bo‘lmagan va isitish maqsadida elektr energiyasidan foydalanib kelayotgan iste’molchilar uchun elektr energiyasining imtiyozli tariflarini belgilash;
- elektrlashtirish natijasida almashtiriladigan energiya samaradorligi yuqori bo‘ladigan maishiy texnikalarni sotib olishda qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish.
2027-yil aprel oyida tegishli hujjat loyihasi ishlab chiqilib, belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Bu vazifalarni ijro etishga Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Energiya samaradorligi milliy agentligi mas’ul etib belgilandi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ