Yana 4 ta davlat kompaniyasining IPO’si 2027–2028-yillarga qoldiriladi
“O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “O‘zbektelekom” bo‘yicha xususiylashtirishga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda
“Uzbekistan Airways” bilan bir qatorda “O‘zsanoatqurilishbank”, “O‘zbekgidroenergo”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” va “O‘zbektelekom” kompaniyalarining ham IPO orqali ommaviy kapital bozoriga chiqish muddatlari qayta ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati Kapital.uz’ga ma’lum qildi.
Avvalroq Prezident Administratsiyasi “Uzbekistan Airways” qatorida ushbu to‘rtta kompaniya bo‘yicha ishlarni 2026-yil yakunigacha tugatish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, hozirda barcha beshta kompaniyani transformatsiya qilish va ularni ommaviy kapital bozoriga chiqarishga tayyorlash ishlari davom etmoqda. Buning doirasida zarur korporativ, moliyaviy va tashkiliy choralar amalga oshirilmoqda.
IPO muddatlari 2027–2028-yillarga ko‘chiriladi
Kapital.uz avvalroq “Uzbekistan Airways”ning IPO’si 2027-yilga rejalashtirilayotgani haqida xabar bergandi. Qolgan to‘rtta kompaniya — “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “O‘zbektelekom”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “O‘zbekgidroenergo”ning IPO orqali kapital bozoriga chiqishi esa 2027–2028-yillarga mo‘ljallangan.
Vazirlikning qayd etishicha, muddatlarning o‘zgarishi kompaniyalarni xususiylashtirishdan voz kechilganini anglatmaydi. Aksincha, kompaniyalarni ommaviy kapital bozoriga chiqarishga yanada puxta tayyorlash zarurati sabab IPO muddatlari qayta ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, barcha beshta kompaniya bo‘yicha transformatsiya va IPO’ga tayyorgarlik ishlari davom ettiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ