O‘zbekiston va Xitoy avtomobil qatnovlaridagi ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishga kelishib oldi
Tomonlar xalqaro yuk tashish imkoniyatlarini kengaytirish, o‘zaro va tranzit yuk oqimlarini oshirish hamda tashuvchilar uchun qulay sharoit yaratishga kelishib oldi
O‘zbekiston va Xitoy avtomobil transportida xalqaro tashuvlar uchun ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
23-sentabr kuni O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov va Xitoy transport vaziri Liu Vey transport sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ikki hukumat o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha protokolni imzoladi.
Xalqaro yuk tashish imkoniyatlari kengayadi
Protokol avtomobil tashuvlarining huquqiy bazasini takomillashtirish va O‘zbekiston hamda Xitoy tashuvchilari uchun yanada qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
Hujjatning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Xitoy kompaniyalarining xalqaro tashuvlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirishi, ma’muriy to‘siqlarni kamaytirishi hamda o‘zaro va tranzit yuk oqimlarini oshirishi kutilmoqda.
Tomonlar xalqaro avtomobil tashuvlarini yanada rivojlantirish, yuk tashish hajmini ko‘paytirish va transport-logistika aloqalari samaradorligini oshirish masalalarini ham muhokama qildi.
Xitoy bilan aviaqatnovlar ham kengaytiriladi
Uchrashuvda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston va Xitoy shaharlari o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish hamda yo‘lovchi va yuk tashish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari ko‘rib chiqildi.
Transport vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, imzolangan protokol Xitoyni Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mintaqalar bilan bog‘lovchi xalqaro transport koridorlarini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Tomonlar erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ