Avgustda so‘mdagi kreditlar stavkasi 20,1% ni tashkil etdi
Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha nominal stavka esa bir yil ichida 2,6% bandga pasaygan
Фото: Kapital.uz
2026-yil avgustida milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavka 17,2% ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,6% bandga pasaygan, deb xabar bermoqda Markaziy bank.
Inflyatsion jarayonlarning barqarorlashuvi fonida milliy valyutadagi bank depozitlari bo‘yicha real foiz stavkalari nisbatan yuqori darajada shakllangan.
Jismoniy shaxslarning so‘mdagi depozitlari bo‘yicha real foiz stavka 7,9 foizni tashkil etgan. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichdan 0,3% bandga past.
Yuridik shaxslar depozitlari bo‘yicha real foiz stavka esa 5,3% ni tashkil etib, yillik hisobda o‘zgarmagan.
Valyutadagi depozitlar stavkasi 5,5% bo‘ldi
Chet el valyutasidagi muddatli depozitlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavka 5,5% ni tashkil etdi. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning avgustiga nisbatan 0,5% bandga oshgan.
So‘mdagi kreditlar stavkasi 20,1% ni tashkil etdi
Avgust oyida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavka 20,1% darajasida shakllandi. Bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 1,3% bandga past.
Tijorat kreditlari bo‘yicha o‘rtacha nominal foiz stavka 21,9% ni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich yillik hisobda 1,5% bandga kamaygan.
Jismoniy shaxslarga ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha real foiz stavka 9,1% ni, yuridik shaxslarda esa 9,7% ni tashkil etdi.
Chet el valyutasida ajratilgan kreditlarning o‘rtacha nominal foiz stavkasi 10,8% bo‘ldi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 0,3% bandga yuqori.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ