Agrobank $6 mlnlik venchur fondini ishga tushirdi

Fond 60–75 ta startap va texnologik kompaniyaga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda

Agrobank $6 mlnlik venchur fondini ishga tushirdi

Agrobank $6,1 mln hajmdagi AgroVentures venchur fondini tashkil etganini ma’lum qildi. Fond bank tarkibida 2026-yil 13-martdagi Prezidentning 99-son qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Fondning ishga tushirilgani 22–25-sentabr kunlari Toshkentda o‘tkazilayotgan ICT Week Uzbekistan 2026 doirasida ma’lum qilindi.

AgroVentures 60–75 ta kompaniyaga investitsiya kiritish va 1 mingdan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda bilvosita ish o‘rni yaratilishiga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda. Bitta investitsiya miqdori $25 mingdan $500 minggacha bo‘ladi.

Fond kiritilgan mablag‘lardan 2,5–3 baravar yuqori daromadlilikka erishishni, ichki daromadlilik normasi esa yiliga 25% dan yuqori bo‘lishini kutmoqda. Shuningdek, AgroVentures umumiy qiymati $15–18 mln bo‘lgan 8–12 ta investitsiyadan chiqishni rejalashtirmoqda.

Fond qaysi yo‘nalishlarga investitsiya kiritadi

Mablag‘lar dastlabki bosqichdagi startaplar va rivojlanayotgan texnologik kompaniyalarga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, fond Agrobankning o‘z raqamli va fintech loyihalari, shuningdek, universitetlarda ishlab chiqilgan texnologiyalar va intellektual mulkka ham investitsiya kiritadi.

Asosiy yo‘nalishlar agrotexnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘ladi. Boshqa ustuvor yo‘nalishlar qatoriga fintech, chakana savdo, tibbiyot va ta’lim texnologiyalari, yashil texnologiyalar, logistika hamda deep tech kiradi.

Startaplar uchun akselerator

AgroVentures’ning ilk loyihasi AI Station bilan hamkorlikda ishga tushiriladigan Agrobank korporativ akseleratori bo‘ladi.

Dastur 12 hafta davom etadi. Unda ishtirok etish uchun 20 tagacha startap tanlab olinadi. Ular Agrobank bo‘linmalari hamda bankning kichik va o‘rta biznes segmentidagi mijozlari bilan pilot loyihalarni ishga tushirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Ishtirokchilarga xalqaro mahorat darslari, mintaqaviy seminarlar va har haftalik mentorlik dasturi taklif etiladi. Dastur jamoalar o‘z loyihalarini taqdim etadigan Demo Day tadbiri bilan yakunlanadi.

Akseleratorda ishtirok etish bepul. Tashkilotchilar startap kompaniyasi yoki uning daromadidagi ulushga da’vo qilmaydi. Eng yaxshi jamoalar Agrobank bilan hamkorlik yoki white-label kelishuvini tuzishi yoxud AgroVentures’dan investitsiya jalb qilishi mumkin.

Ariza topshirish uchun yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tish talab etilmaydi. Loyihada ishlayotgan MVP va dastlabki tasdiqlangan natijalar bo‘lishi kerak. Arizalar 2026-yil 23-oktyabrgacha akseleratorning sayti — accelerator.aisinnovation.com orqali qabul qilinadi.

Agrobank o‘nlab yillar davomida O‘zbekistondagi fermerlar va tadbirkorlarni moliyalashtirib kelmoqda. AgroVentures tashkil etilishi bilan biz ular kelajakda qanday faoliyat yuritishini belgilaydigan texnologiyalarga ham investitsiya kiritamiz, — dedi Agrobank boshqaruvi raisi Erkin Qahorov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bank startap asoschilari uchun nafaqat investor, balki hamkor va dastlabki yirik mijozga aylanishni maqsad qilgan.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Toshkentda jarima maydonchalaridagi avtomobillarni evakuatsiya qilishning yangi tartibi joriy etiladi
/
Toshkentda jarima maydonchalaridagi avtomobillarni evakuatsiya qilishning yangi tartibi joriy etiladi
Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasi va Ledokol Group hamkorlik qiladi
/
Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasi va Ledokol Group hamkorlik qiladi
Tadbirkorlar nizolarini sudda ko‘rish muddatlari qisqartirilishi mumkin
/
Tadbirkorlar nizolarini sudda ko‘rish muddatlari qisqartirilishi mumkin