Toshkentda jarima maydonchalaridagi avtomobillarni evakuatsiya qilishning yangi tartibi joriy etiladi

Yangi tizim orqali avtomobillarni elektron hisobga olish, jarima va saqlash to‘lovlarini onlayn amalga oshirish hamda QR-kodli ruxsatnoma asosida chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

Toshkentda jarima maydonchalaridagi avtomobillarni evakuatsiya qilishning yangi tartibi joriy etiladi

Toshkentda qonunchilikni buzganligi uchun ushlangan avtomobillarni evakuatsiya qilish, joylashtirish va saqlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. Bu Vazirlar Mahkamasining 22-sentabrdagi 508-son qarorida nazarda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, Toshkentdagi tajriba 2026-yil 1-oktabrdan 2034-yil 31-dekabrgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan. IIVda allaqachon Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimining “Jarima maydonchasi” moduli ishlamoqda, u orqali ushlangan avtomobillar bilan ishlashning butun jarayoni yo‘lga qo‘yiladi.

Tizimda ushlangan, jarima maydonchasiga joylashtirilgan yoki chiqarishga ruxsat olgan avtomobillarning yagona elektron hisobi yuritiladi. U orqali huquqbuzarlik uchun jarimalarni, saqlash qiymatini va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash mumkin bo‘ladi. Avtomobilni chiqarish uchun QR-kodli elektron ruxsatnoma, shu jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham shakllantiriladi.

Jarima maydonchalariga xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarning axborot tizimlari “Jarima maydonchasi” bilan integratsiya qilingan bo‘lishi kerak. Bu kompaniyalarning aylanmasi haqidagi ma’lumotlar avtomatik ravishda soliq organlariga yuboriladi. Jarima maydonchalarida olti oydan ortiq qolgan avtomobillar talab qilib olinmagan transport vositalarining alohida reyestriga kiritiladi.

Avtomobillar qanday evakuatsiya qilinadi

Vakolatli davlat organining mashinani jarima maydonchasiga joylashtirish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng, elektron tizim orqali tegishli davlat organlariga va ushlangan joyga eng yaqin bo‘lgan, evakuatsiya va saqlash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotga xabarnoma yuboriladi. Kompaniya zudlik bilan avtomobil oldiga evakuator yoki kran-manipulyatorni yuborishi kerak bo‘ladi.

Kompaniyalar ushlangan avtomobillarni davlat organining qarori asosida haydovchining ishtirokisiz evakuatsiya qilish huquqini oladi. Mashinani topshirishda qabul qilish-topshirish dalolatnomasi tuziladi, plombalar va avtomobilning ichiga kirish imkonini beruvchi elementlarining (eshiklar, yukxona, kapot, yonilg‘i baki qopqog‘i va boshqa qismlari) butligi tekshiriladi, shuningdek, vizual ko‘zdan kechiriladi. Dalolatnoma bo‘yicha topshirilgunga qadar mashinaning saqlanishi uchun vakolatli davlat organi, maydonchaga joylashtirilgandan keyin esa unga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya javobgar bo‘ladi.

Yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun ushlangan avtomobillar uchun alohida qoida nazarda tutilgan. Agar haydovchi mashinani evakuatorga ortish boshlangunga qadar kelsa va qoidabuzarlikni bartaraf etsa, avtomobil evakuatsiya qilinmaydi. Biroq, agar haydovchi kelguniga qadar mashina evakuatorga qisman yoki to‘liq ortib bo‘lingan bo‘lsa, uni jarima maydonchasiga yetkazish davom ettiriladi.

Hozirda amaldagi nizomda ortishgacha evakuatsiyani to‘xtatish haqida alohida qoida yo‘q. Shuningdek, bugungi kunda ayrim hollarda boshqaruvdan chetlatilgan shaxsning avtomobilini vakolatli davlat organi xodimi o‘zi maydonchaga yetkazishi mumkin, ammo yangi nizomda bu band yo‘q.

Avtomobillarni jarima maydonchalariga qabul qilish, shuningdek, ularni keyinchalik chiqarish, dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, tunu kun amalga oshirilishi kerak. Avtomobil yetkazib berilgandan so‘ng, egasi yoki uning vakili salonda qolgan buyumlarni belgilangan tartibda olib ketishi mumkin.

Bundan tashqari, egasi yoki ishonchnomasi bor shaxsga “Jarima maydonchasi” orqali maydonchada turgan avtomobilni real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati berilishi kerak. Mashinalarning kirishi, saqlanishi va chiqishi tizim bilan integratsiya qilingan kameralar orqali qayd etib boriladi.

Avtomobilni jarima maydonchasidan qanday olib ketish mumkin bo‘ladi

Ushlab turish sababi bartaraf etilgandan so‘ng, ma’muriy ishni ko‘rib chiqayotgan organning mansabdor shaxsi chiqarishga ruxsatnomani rasmiylashtiradi. Hujjat QR-kod bilan tasdiqlanadi va tizim orqali elektron shaklda haydovchiga hamda jarima maydonchasi operatoriga yuboriladi. Egasiga SMS ham yuboriladi. Ruxsatnomani yuborish uchun bir ish kuni ajratiladi.

“Jarima maydonchasi” orqali rasmiylashtirilmagan ruxsatnoma bo‘yicha avtomobilni chiqarish taqiqlanadi. Olib ketishdan oldin egasi evakuatsiya va saqlash qiymatini to‘lashi kerak. Modulning o‘zida boshqa to‘lovlarni, jumladan huquqbuzarlik uchun jarimani ham elektron tarzda to‘lash imkoniyati nazarda tutilgan.

Bunda hisob-kitoblar uchun avtomobilni saqlash muddati uning maxsus texnikaga (evakuatorga) joylashtirilgan vaqtidan (hozirda — avtomobilni maydonchaga joylashtirilgan vaqtdan boshlab), ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomada yoki ushlab turish to‘g‘risidagi qarorda ko‘rsatilgan vaqtdan kelib chiqib hisoblanadi. Xizmatlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi nizomda, shuningdek, saqlash uchun to‘lov har bir to‘liq sutkalik haqiqiy saqlash uchun hisoblanishi (hozirda muddat soatlarda hisoblanadi) ko‘rsatilgan.

Saqlash va evakuatsiya qilish tariflari, shuningdek, evakuator yoki manipulyatorning chaqiruv joyiga avtomobilni ortmasdan borib kelish xarajatlari Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi bilan kelishilgan holda Toshkent shahri hokimligi tomonidan tasdiqlanadi. Xizmatlar uchun to‘lovni naqd pul, bank kartasi va boshqa to‘lov usullari bilan amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Agar avtomobilni ushlab turish to‘g‘risidagi qaror keyinchalik bekor qilinsa, mashina bekor qilish to‘g‘risidagi hujjat asosida chiqarilishi kerak. Bunday holda haydovchi ko‘rgan xarajatlar qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli vakolatli davlat organi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Hujjatda ushbu xarajatlarni qaror yoki bayonnomani noqonuniy rasmiylashtirgan xodimdan regress tartibida undirishga ham ruxsat beriladi.

Agar evakuatsiya paytida avtomobil xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyaning aybi bilan shikastlansa, zarar uning hisobidan qoplanadi.

Jarima maydonchalari operatorlari tanlov asosida tanlanadi

Toshkentda ushlangan avtomobillarni evakuatsiya qilish va saqlashga ruxsat beriladigan yuridik shaxslarni “Jarima maydonchasi” moduli orqali ochiq tanlovlarda aniqlash mo‘ljallanmoqda. Ularni idoralararo komissiya o‘tkazadi. Tajribaviy tanlov tizimi ham 2034-yil oxirigacha mo‘ljallangan.

O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan va belgilangan talablarga javob beradigan har qanday yuridik shaxs ishtirok etishi mumkin. Shartlar qatorida — o‘zining yoki ijaraga olingan mulkiy bazasi, avtomobillar va evakuatorlar uchun yetarli miqdordagi joy mavjudligi. Ijaraga olingan majmualar uchun ijara muddati kamida 10 yil bo‘lishi kerak. To‘lovga qobiliyatsizlik yoki tugatish bosqichida bo‘lgan, mol-mulki hibsga olingan kompaniyalar, shuningdek, yolg‘on ma’lumot bergan talabgorlar tanlovga qo‘yilmaydi.

Tanlov haqidagi e’lon kamida 30 kun oldin berilishi kerak. Arizalar elektron tizim orqali 15 ish kuni davomida qabul qilinadi. Agar faqat bitta ishtirokchi ariza bersa va uning taklifi talablarga javob bersa, u g‘olib deb topilishi mumkin.

Takliflarni baholashda maydonchaning maydoni va sig‘imi, yong‘in xavfsizligi, evakuatorlar soni, yirik gabaritli transportni saqlash imkoniyati va maydonchaning joylashuvi hisobga olinadi. Xususan, kran-manipulyatorlarning mavjudligi ishtirokchiga 30 ballgacha keltirishi mumkin, yana 30 ball maydonchaning shahar chetida joylashganligi uchun nazarda tutilgan.

Tanlov g‘olibi bilan 10 yil muddatga shartnoma tuziladi. Bunda u kamida dastlabki ikki yil davomida tanlov taklifida ko‘rsatilgan tarif bo‘yicha xizmat ko‘rsatishi kerak.

Agar muayyan hududda amaldagi operator bo‘lmasa, keyingi tanlov g‘olibi aniqlanguniga qadar ushlangan avtomobillarni vaqtinchalik Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bo‘linmalarining tegishli maydonchalarida saqlashga ruxsat beriladi.

Jarima maydonchalari qanday bo‘lishi kerak

Hujjat maydonchalarning o‘ziga nisbatan batafsil talablarni belgilaydi. Ular qattiq qoplamali, yoritish, yomg‘ir kanalizatsiyasi, yong‘inga qarshi vositalar va butun hududni tunu kun nazorat qilish imkonini beruvchi videokuzatuv tizimiga ega bo‘lishi kerak. Kirish va chiqish joylaridagi kameralar “Jarima maydonchasi” bilan, shu jumladan, davlat raqamlarini aniqlash uchun integratsiya qilingan bo‘lishi lozim.

Hudud balandligi kamida 2 metr bo‘lgan temir-beton, metall yoki g‘ishtli devor bilan o‘ralgan bo‘lishi kerak. 50 tadan ortiq avtomobil uchun mo‘ljallangan maydonchada kamida ikkita kirish-chiqish joyi bo‘lishi, darvozaning kengligi esa kamida 4,5 metr bo‘lishi lozim. Bitta to‘xtash joyi uchun 25 kv.m maydon nazarda tutiladi. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning maxsus jihozlangan avtomobillari uchun kamida ikkita joy bo‘lishi shart.

Har bir maydonchada xodimlar va qo‘riqlash xizmati uchun xonalar, evakuatorlarning xavfsiz harakatlanishi uchun joylar, yong‘inga qarshi yo‘laklar va uskunalar bo‘lishi kerak. Tariflar va saqlash shartlari nazoratchi-kassir xonasi oldidagi ko‘rinarli joyga ilinishi lozim.

Uzoq vaqt olib ketilmagan avtomobillar nima bo‘ladi

Jarima maydonchasida olti oydan ortiq qolib ketgan avtomobillar talab qilib olinmaganlar reyestriga kiritiladi. Operator Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bilan birgalikda egasini mashinani olib ketish va qarzdorlikni to‘lash zarurligi haqida xabardor qilishi kerak. Qarz mavjud bo‘lgan taqdirda uni undirish choralari, shu jumladan, materiallarni Majburiy ijro byurosiga yuborish nazarda tutiladi.

Agar avtomobil 12 oydan ortiq saqlansa va egasi murojaat qilmasa, jarima maydonchasi operatori yo‘l harakati xavfsizligi organlari bilan birgalikda mashinani egasiz deb topish masalasi bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Undiruvni qaratish va avtomobilni keyinchalik sotish ijro ishi yuritish doirasida amalga oshiriladi.

Alohida IIVga jarima maydonchalarida besh yildan ortiq vaqt davomida turgan va egalari yoki ularning vakillari tomonidan olib ketilmagan avtomobillarni xatlovdan o‘tkazish, uning natijalariga ko‘ra bunday mashinalarni belgilangan tartibda egasiz deb topish uchun sudga murojaat qilish topshirildi.

Yangi tartib aynan Toshkent shahrida amal qiladi. Respublikada ushlangan avtomobillarni evakuatsiya qilish va saqlashni tartibga soluvchi hukumatning 2011-yildagi qaroriga istisno kiritildi: uning tegishli normalari endi poytaxtga tatbiq etilmaydi.

Bunda hujjatda muddatlar bilan bog‘liq o‘ziga xos jihat bor. Asosiy qoidalarda tajribaning boshlanishi 2026-yil 1-oktabrdan deb ko‘rsatilgan, biroq qarorning yakuniy bandi u rasmiy e’lon qilinganidan so‘ng uch oy o‘tgach, ya’ni 2026-yil 24-dekabrda kuchga kirishini belgilaydi.

Hozirda evakuatsiya xizmatlarini turli xususiy kompaniyalar ko‘rsatmoqda. Shu paytgacha tariflar shahar darajasida tartibga solinmagan edi. Iyun oyi boshida poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov jurnalistlarga, jumladan “Gazeta” vakiliga poytaxt uchun 120 ta evakuator xarid qilish hamda Yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarning avtomobillarini evakuatsiya qilish va saqlashning yangi yaxlit tizimini joriy etish rejalari haqida gapirib bergan edi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Agrobank $6 mlnlik venchur fondini ishga tushirdi
/
Agrobank $6 mlnlik venchur fondini ishga tushirdi
Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasi va Ledokol Group hamkorlik qiladi
/
Davlat xaridlari ishtirokchilari assotsiatsiyasi va Ledokol Group hamkorlik qiladi
Tadbirkorlar nizolarini sudda ko‘rish muddatlari qisqartirilishi mumkin
/
Tadbirkorlar nizolarini sudda ko‘rish muddatlari qisqartirilishi mumkin