Andijonda ayollar bandligini ta’minlash uchun $20 mln jamg‘arma tashkil etiladi
Jamg‘arma orqali xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash va ularning mehnat bozoriga qaytishiga ko‘maklashish uchun moliyaviy imkoniyatlar yaratiladi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
Andijonda ayollarni ish bilan ta’minlash uchun alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga $20 mln ajratiladi. Bu haqda 24-sentabr kuni prezident raisligidagi yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilishda qayd etilishicha, xotin-qizlar bandligini ta’minlash uchun alohida moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlar yaratiladi.
Andijonda ishlash istagi bo‘lgan 3 ming ayol bola parvarishi bilan bandligi, farzandlarini bog‘chaga joylashtirish ularning mehnat bozoriga qaytishiga sharoit yaratishi ta’kidlandi.
Viloyatda maktabgacha ta’lim qamrovi 86% ga yetgan. Tadbirkorlar yana 134 ta oilaviy bog‘cha ochishga tayyorligini bildirgan. Mas’ullarga o‘n kun ichida ushbu bog‘chalar bo‘yicha tegishli bitimlarni rasmiylashtirish masalasini hal qilish topshirildi.
Yig‘ilishda yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda $7 mlrd investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi ta’kidlandi. Davlat rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini aytdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ