Kelgusida 500 mln so‘mgacha bo‘lgan loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi
Bunday kreditlar garovga emas, biznesning pul oqimiga qarab ajratiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Davlat banklarini mijozlar biznesini o‘stirish tamoyili asosida transformatsiya qilish zarurligi ta’kidlandi. Yil boshidan garov yoki kafil topa olmagani sabab 35 ming kishiga kredit berilmagani qayd etildi.
Endilikda banklar an’anaviy garov va bir xil standart shartlar bilan cheklanib qolmasligi kerak. Kredit ajratishda real pul oqimi, buyurtma va shartnomalar, debitorlik qarzi, tovar aylanmasi hamda biznes zanjiriga asoslangan moliyaviy mahsulotlar joriy qilinadi.
Uzoq muddatli shartnoma kredit garovi sifatida qabul qilinadi
Kichik tadbirkorning lider korxona yoki yirik buyurtmachi bilan tuzgan uzoq muddatli shartnomasi kredit garovi sifatida qabul qilinadi. 500 mln so‘mgacha bo‘lgan loyihalarni kreditlashda biznes-reja talab etilmaydi. Bunday kreditlar garovga emas, biznesning pul oqimiga qarab ajratiladi.
Eksportbop mahsulot ishlab chiqarish uchun xomashyo xaridiga beriladigan kreditlarda esa sug‘urta polisining o‘zi garov sifatida yetarli bo‘ladi.
To‘qqizta davlat bankiga bir oy ichida biznesni o‘stirishga ko‘maklashadigan 20 ta yangi bank mahsulotini taklif etish vazifasi yuklatildi. Mahalla bankirlari yangi xizmatlar haqida aholi va tadbirkorlarga ma’lumot berib boradi.
Soliqchilar biznes faoliyati qisqarishining sabablarini o‘rganadi
Soliq idoralariga ham tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlab qolishga ko‘maklashish vazifasi yuklatildi.
Viloyatda ayrim korxonalarning aylanmasi va ish o‘rinlari qisqargani, qator biznes subyektlari faoliyatini tugatgani qayd etildi. Mahallaga biriktirilgan soliq xodimlari bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, muammolarni hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishi kerak.
Daromadi yoki ish o‘rinlari kamaygan korxonaga mahalla soliqchisi borib, muammoni o‘rganadi. U hokim yordamchisi va mahalla bankiri bilan birgalikda soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash, bozor yoki eksportga chiqishda ko‘maklashish bo‘yicha tuman shtabiga taklif kiritadi.
Bunda har bir biznesning daromadga chiqish davri va faoliyat xususiyatlari hisobga olinadi. Yoshlar bandligi mahalla soliqchilari faoliyatini baholash va ularning mehnatiga haq to‘lashda samaradorlik mezonlaridan biri etib belgilanadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ