Andijonda 1 ming gektar maydonga $7 mlrd investitsiya jalb qilish vazifasi qo‘yildi
Mirziyoyev investitsiyalarning hajmi bilan birga ularning tarkibi, sifati va iqtisodiyotga ta’siriga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8%, sanoat 9,2%, xizmatlar 16,1%, investitsiyalar 8,9%ga o‘sgani qayd etildi.
Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim”, dedi davlat rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika byudjetidan 20 trln so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trln so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trln so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda investitsiyalarning hajmi bilan birga sifati, tarkibi va iqtisodiyotga beradigan samarasiga alohida e’tibor qaratildi.
Yaqinda sanoat va tadbirkorlik uchun ajratilgan 1 ming gektar maydon Andijonda $7 mlrd investitsiya va kamida 70 ming yuqori daromadli ish o‘rniga aylanishi kerakligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, joriy yilga rejalashtirilgan $3,5 mlrd investitsiyaning mamlakatlar va tarmoqlar bo‘yicha tarkibi yetarlicha diversifikatsiya qilinmagani qayd etildi.
Axborot texnologiyalari xizmatlari eksporti va malakali kadrlar mavjud bo‘lsa-da, sohaning texnologik bazasini mustahkamlashga investitsiyalar yetarli yo‘naltirilmayapti.
Davlat rahbari sarmoyalarni yuqori qo‘shilgan qiymat, zamonaviy texnologiya va barqaror ish o‘rinlari yaratadigan yo‘nalishlarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ