Saida Mirziyoyeva BMTda O‘zbekistonning ochiqlik siyosati va global muammolarga to‘xtaldi
Prezident administratsiyasi rahbari xalqaro xavfsizlik, Markaziy Osiyo hamkorligi, inson qadri va O‘zbekistondagi islohotlar haqida gapirdi
Foto: Saida Mirziyoyeva Telegram sahifasi
BMT Bosh Assambleyasining yillik sessiyasida O‘zbekiston nomidan Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva oliy minbardan nutq so‘zladi. U o‘z nutqida bugungi globallashuv va murakkab davrda insoniyat duch kelayotgan dolzarb muammolar, xalqaro xavfsizlik, mintaqaviy hamkorlik hamda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning inson qadriga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Jumladan, Saida Mirziyoyeva bugun insoniyat oson davrda yashamayotgani, dunyoda urushlar davom etib, geosiyosiy ziddiyatlar keskinlashayotgani, ishonch muhiti susayib va tengsizlik kuchayib borayotganini ta’kidladi.
Bu borada O‘zbekiston o‘z yetakchisi, prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘z tanlovini qilgan. Bu ochiqlik tanlovi, qo‘shnilar bilan yaxshi munosabatlar tanlovi, dunyo bilan muloqot tanlovi. Ochiqlik zaiflik emas, aksincha, tinchlik uchun harakat qilish, kelajak oldida mas’uliyatni zimmaga olishdir.
U dunyoda davlatlardan qaysi tomonda ekani so‘ralayotganini eslatib, bunga O‘zbekistonning javobi aniqligini, mamlakat insoniyat hamda o‘z kelajagini o‘zi belgilashni istagan yoshlar tomonida ekanini urg‘uladi. Davlatning qudrati faqat iqtisodiy yoki harbiy salohiyat bilan emas, avvalo, inson qadrini qanchalik himoya qila olishi bilan belgilanishini qayd etgan Saida Mirziyoyeva tinchlik, taraqqiyot va inson qadrini bir butun vazifa deb bilishlarini ta’kidladi.
Shuningdek, bugun eng qudratli davlatlar ham global muammolarni yolg‘iz hal qila olmasligini, tahdidlar chegaralarda to‘xtab qolmasligini aytgan ma’ruzachi BMTning o‘rni har qachongidan muhimligiga e’tibor qaratdi:
Bizga faqat qaror qabul qiladigan emas, qarorlarni amalga oshirishga qodir BMT kerak. Bizga har bir davlatning ovozi eshitiladigan BMT kerak.
O‘zbekiston “BMT-80” tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, Xavfsizlik Kengashi tarkibini kengaytirish tarafdori ekanini bildirgan holda, mamlakat kelgusi yilda Qo‘shilmaslik harakatiga raislikni qabul qilishini va 2035–2036-yillar uchun BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga nomzodini ilgari surganini ma’lum qilib, ishtirokchilarning qo‘llab-quvvatlashiga umid bildirdi. Shuningdek, xalqaro huquq manfaatga qarab o‘zgaradigan vosita emasligi, qoida umumiy bo‘lmasa, adolat ham bo‘lmasligi qat’iy ta’kidlandi.
Mintaqaviy masalalarga to‘xtalarkan, yaqin-yaqingacha Markaziy Osiyo ziddiyatlar fonida tilga olinganini, biroq prezident tashabbusi va siyosiy iroda tufayli vaziyat tubdan o‘zgarib, davlatlar bir-biriga raqib emas, sherik sifatida qaray boshlaganini bildirdi. Afg‘oniston masalasiga ham alohida to‘xtalib, unga faqat xavf manbayi sifatida qarash yoki xalqni muammolari bilan yolg‘iz qoldirish yechim emasligini, ularga tinch hayotga erishish uchun ishonch berilishi zarurligini aytdi.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston islohotlarining markazida insonlar hayoti yaxshilanyaptimi degan mezon turganini ta’kidladi.
So‘nggi 10 yilda aholimizning xarid qobiliyati ikki barobar oshdi. Iqtisodiyotimiz hajmi $50 mlrddan $147 mlrdga yetdi. 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb qilindi. Eksport qariyb uch barobar o‘sdi. Kambag‘allik darajasi 4% ga tushib, qariyb 10 mln nafar odam kambag‘allikdan chiqarildi. Maktabgacha ta’lim qamrovi 27% dan 78% ga ko‘tarildi. Oliy ta’lim qamrovi 9% dan 45% ga yetdi. O‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66 yoshdan 75 yoshdan ziyodga oshdi. Onalar va go‘daklar o‘limi to‘rt barobar kamaydi, dedi Prezident administratsiyasi rahbari.
Ma’ruzada bolalar masalasi davlatning eng katta mas’uliyati ekani alohida urg‘ulanib, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi bilan demografik barqarorlik bo‘yicha muloqot o‘tkazilishi hamda oktyabr oyida Samarqandda bolalar farovonligi va salomatligi masalasi atrofida xalqaro hamjamiyat birlashtirilishi ma’lum qilindi.
Orol dengizi fojiasi haqida gapirar ekan, Saida Mirziyoyeva bu tabiatga bo‘lgan adolatsiz munosabat oqibati ekanini, Yangi O‘zbekiston qurigan dengiz tubida yashil hududlar barpo etib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etayotganini, 2030-yilgacha qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilganini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2027–2036-yillarni o‘rmonzorlashtirish va o‘rmonlarni qayta tiklash harakatlari o‘n yilligi deb e’lon qilgani eslatib o‘tildi.
Sun’iy intellekt va raqamli transformatsiyaga to‘xtalib, texnologik taraqqiyotning markazida inson va uning taqdiri turishi shartligi ta’kidlandi.
Sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya inson huquqlari, xavfsizlik, teng imkoniyat hamda javobgarlikdan ajralmasligi lozim. Texnologik taraqqiyot insonni qaram qilishga emas, aksincha, hayotini yaxshilashga xizmat qilishi kerak. O‘zbekiston bu borada xalqaro muloqotni kuchaytirish tarafdori, dedi Saida Mirziyoyeva.
Shuningdek, mamlakatda qonun ustuvorligini ta’minlash borasida Toshkent xalqaro moliya markazida ingliz huquqi prinsiplariga asoslangan alohida xalqaro tijorat sudi tashkil etilayotgani, bolalar mehnati va tizimli majburiy mehnatga barham berilib, oiladagi zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirilgani, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratilib, bugun parlament a’zolarining 39 foizini xotin-qizlar tashkil etishi ma’lum qilindi.
Toshkentda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilgani, u shunchaki o‘tmishni namoyish etadigan emas, balki ilm, tafakkur va ma’rifat makoni ekani ta’kidlanib, O‘zbekiston madaniyatlar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni, bag‘rikenglikni mustahkamlashga qaratilgan xalqaro hamkorlikni izchil davom ettirishi bildirildi.
Nutq yakunida Saida Mirziyoyeva barchaning maqsadi inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyoda yashash va farzandlarga yaxshiroq kelajak qoldirish ekanini ta’kidladi:
Biz farzandlarimizga hozirgidan ko‘ra yaxshiroq dunyo qoldirishni istaymiz. Inson qadri yuksak bo‘lgan dunyo. Ammo kelajak bizni imkoniyatlarimiz bilan emas, ulardan qanday foydalanganimiz bilan baholanadi. O‘zbekiston xalqi va prezidenti tinchlik, birdamlik, ishonch va inson qadri ustuvor bo‘lgan dunyo barpo etilishiga o‘z hissasini qo‘shishiga tayyor, dedi Prezident administratsiyasi rahbari.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ