Xo‘jaoboddagi texnoparkda yiliga 1 mln dona “aqlli” suv hisoblagich ishlab chiqariladi
Loyiha doirasida 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish uchun $300 mln xorijiy investitsiya jalb qilingan
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xo‘jaobod tumanidagi “Andijon texnoparki”da bo‘lib, “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.
Texnopark adirliklarni o‘zlashtirish hisobiga ajratilgan 100 gektar maydonda tashkil etilgan. Loyiha doirasida 51 ta sanoat korxonasini joylashtirish rejalashtirilgan. Buning uchun $300 mln xorijiy investitsiya jalb qilingan.
Sanoat zonasi to‘liq ishga tushgach, 3 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, yiliga 50 dan ortiq turdagi $200 mlnlik mahsulot ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Shuningdek, budjetga 160 mlrd so‘m tushum ta’minlanishi va viloyatning eksport salohiyati $50 mlnga oshishi rejalashtirilgan.
“Aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqariladi
Texnoparkda Xitoyning “Sanchuan” kompaniyasi tomonidan $25 mlnlik loyiha asosida “aqlli” suv hisoblagichlar ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgan. Loyiha to‘liq xorijiy investitsiyalar hisobidan amalga oshirilmoqda.
Korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarining 80% i robotlashtirilgan. “Huawei” bilan hamkorlikda 5G texnologiyasi asosida ishlab chiqarilayotgan hisoblagichlar suv sarfi va sifati, qurilmalarning texnik holati hamda balansni onlayn kuzatish imkonini beradi.
Korxonada yiliga 15 turdagi 1 mln dona “aqlli” suv hisoblagich ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Qurilmalar suv to‘planishining oldini oluvchi maxsus konstruksiya va sovuqqa chidamli korpus bilan ishlab chiqariladi.
Texnoparkda dual ta’lim dasturi ham yo‘lga qo‘yilgan. 2030-yilgacha mahsulotlarda mahalliylashtirish darajasini 70% ga yetkazish rejalashtirilmoqda. Shu maqsadda sanoat zonasida butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham joylashtiriladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ