Andijonda $9,4 mlrdlik 206 ta investitsiya loyihasiga start berildi
Loyihalar ortidan viloyatda 45 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi, yillik ishlab chiqarish hajmi 60,6 trln so‘mga yetishi kutilmoqda
Фото: president.uz
Andijon viloyatida umumiy qiymati $9,4 mlrd bo‘lgan 206 ta investitsiya loyihasini amalga oshirishga start berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ularning 98 tasi, qiymati $2,05 mlrd bo‘lgan loyihalar allaqachon ishga tushirilgan. Yana 108 ta loyiha bo‘yicha umumiy qiymati $7,35 mlrd bo‘lgan qurilish ishlari boshlandi.
Loyihalarga start berish marosimi Prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga tashrifi doirasida o‘tkazildi.
Qaysi sohalarga investitsiya kiritiladi?
Investitsiya loyihalari energetika, qurilish, to‘qimachilik, mashinasozlik, ta’lim, turizm, logistika, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohalarini qamrab oladi. Ular viloyatning barcha 16 ta shahar va tumanida amalga oshiriladi.
Yangi loyihalar qatoridan paxta-to‘qimachilik klasteri, elektr energiyasini saqlash va taqsimlash tizimi, mebel hamda charm-poyabzal ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat zonalari o‘rin olgan.
Shuningdek, elektrobuslar, quyosh panellari va kichik gidroenergetika uchun uskunalar ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Yangi ta’lim va tibbiyot markazlari ham foydalanishga topshirilgan.
Keyingi bosqichda viloyatda turar joy majmualari, xalqaro logistika va turizm markazlari, gidroelektr stansiyalari qurilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, chiqindilarni elektr energiyasiga aylantirish korxonalari, transport vositalari va yuk vagonlari ishlab chiqaradigan zavodlarni tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Xorijiy investorlar ishtirok etmoqda
Loyihalar Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Belarus, Germaniya, Hindiston, BAA va Tojikiston kompaniyalari, shuningdek, mahalliy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Loyihalar to‘liq ishga tushirilgach, viloyatda 45 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Shuningdek, ularning yillik ishlab chiqarish hajmi 60,6 trln so‘mga, eksport salohiyati esa $533 mln ga yetishi prognoz qilinmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ