Shavkat Mirziyoyev Andijon xalqaro aeroporti rekonstruksiyasining 2-bosqichi bilan tanishdi
1,1 trln so‘mlik loyiha doirasida 4E toifali yangi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurildi, Germaniya uskunalari o‘rnatildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga tashrifini Andijon xalqaro aeroportida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdan boshladi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari bundan uch yil avval va o‘tgan yilgi tashriflari chog‘ida ham mazkur obyektni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar berib, qayta qurish jarayonini shaxsan ko‘zdan kechirgan edi.
1978-yilda ishga tushirilgan va 2013-yilda xalqaro maqom olgan ushbu aeroportning umumiy maydoni 243,4 gektarni tashkil etadi, unda 100 nafar xodim ishlaydi. Vaqt o‘tishi bilan havo bandargohini zamon talablariga moslashtirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni oshirish va parvozlar geografiyasini kengaytirish zarurati yuzaga kelgan.

1,1 trln so‘mlik rekonstruksiya
Aerodrom majmuasini rekonstruksiya qilish loyihasining umumiy qiymati 1,1 trln so‘mni tashkil etadi. Birinchi bosqichda infratuzilma tubdan yangilandi. Xususan, uchish-qo‘nish yo‘lagi 3,3 kilometrgacha uzaytirilib, kengligi 60 metr bo‘lgan yangi 4E toifali yo‘lak qurildi.
10 ta havo kemasiga mo‘ljallangan to‘xtash joylari va rullash yo‘laklari qurildi. Uchish-qo‘nish yo‘lagiga 50 yilgacha xizmat qilishga mo‘ljallangan mustahkam sement-beton qoplamasi yotqizildi. Germaniyaning yuqori aniqlikdagi yoritish-signal tizimi o‘rnatildi. Bu tungi vaqtda va quyuq tumanda (ko‘rish masofasi 300 metrgacha qisqarganda ham) samolyotlarni xavfsiz qabul qilish imkonini beradi.
Endilikda aeroport keng fyuzelyajli yirik havo kemalarini hech qanday cheklovlarsiz qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, deyiladi xabarda.
Yangi terminal, yiliga 2500 ta reys va 3,5 mln yo‘lovchi
Hozirda rekonstruksiyaning ikkinchi bosqichi doirasida umumiy maydoni 19 ming 685 kvadrat metr bo‘lgan ikki qavatli terminal binosi barpo etilmoqda.
Yangi terminal ishga tushgach, aeroportning o‘tkazuvchanlik qobiliyati soatiga 200 nafar yo‘lovchidan 5 barobarga oshiriladi. Shuningdek, hududda yuqori tezlikdagi Wi-Fi tarmog‘i va “aqlli” xizmatlar joriy etiladi.
Bugungi kunda aeroport orqali mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda 7 ta aviakompaniyaning muntazam qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan. Kelgusida yillik aviareyslar sonini 808 tadan 2500 tagacha oshirish, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yiliga 3,5 mln nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Tashrif davomida davlat rahbariga aeroportni rivojlantirish konsepsiyasi taqdim etildi. Prezident zamonaviy terminal binosini belgilangan muddatda va sifatli qurib bitkazish, shuningdek, aeroport atrofida zamonaviy servis obyektlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ