O‘zbekistonda 2030-yilgacha generatsiya quvvatlari 46,1 GVtga yetkaziladi

2035-yilda generatsiya quvvatlarini 57,2 GVtgacha oshirish rejalashtirilmoqda

O‘zbekistonda 2030-yilgacha generatsiya quvvatlari 46,1 GVtga yetkaziladi

Prezident Shavkat Mirziyoyevga elektr energetikasini rivojlantirish istiqbollari va yoqilg‘i-energetika sohasidagi loyihalarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda yangi elektr generatsiyasi quvvatlarini yaratish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish va elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirildi.

Natijada quyosh va shamol elektr stansiyalarining umumiy quvvati 6,3 GVtdan oshdi. Gidroelektr stansiyalar soni 100 tadan ko‘payib, ularning umumiy quvvati qariyb 2,5 GVtga yetdi.

2030-yilga borib mamlakat iqtisodiyoti hajmini $300 mlrdga yetkazish va aholi sonini 41 mln nafardan oshirish kutilmoqda. Shu bilan birga, sanoatda elektr energiyasi iste’moli 2030-yilgacha hozirgi 38 mlrd kVt·soatdan 53,5 mlrd kVt·soatgacha oshishi prognoz qilinmoqda.

Elektromobillar va data-markazlarning rivojlanishi ham elektr energiyasiga qo‘shimcha talabni yuzaga keltirishi mumkin. Shu sababli generatsiya quvvatlarini talabdan oldin rivojlantirish, elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanligini oshirish va yetarli zaxira quvvatlarini shakllantirish zarurligi qayd etildi.

2035-yilda generatsiya 57,2 GVtga yetkaziladi

Rejaga ko‘ra, 2030-yilga borib O‘zbekistondagi jami generatsiya quvvatlari 46,1 GVtga yetkaziladi. Bu yiliga qariyb 129 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi.

2035-yilda esa generatsiya quvvatlarini 57,2 GVtgacha, yillik elektr energiyasi ishlab chiqarishni 154,7 mlrd kVt·soatgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda elektr energiyasi iste’molining turli o‘sish ssenariylari ham ko‘rib chiqildi. Iste’mol mo‘tadil oshgan taqdirda 2030-yilgacha generatsiya va talab o‘rtasida yetarli muvozanat saqlanishi mumkin.

Biroq iqtisodiyot va sanoatning tez o‘sishi, elektromobillar hamda raqamli infratuzilmaning kengayishi qo‘shimcha generatsiya quvvatlariga ehtiyojni oshirishi mumkin.

Energiya saqlash tizimlari kengaytiriladi

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi oshishi bilan elektr energiyasini saqlash tizimlariga bo‘lgan ehtiyoj ham ortmoqda.

Bunday tizimlar quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan energiyani to‘plab, talab yuqori bo‘lgan vaqtda tarmoqqa uzatish imkonini beradi. Bu an’anaviy elektr stansiyalarida qo‘shimcha gaz sarfini kamaytirish va energetika tizimi barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.

Hozir energiya saqlash tizimlari bo‘yicha umumiy quvvati 4,2 GVt bo‘lgan 26 ta loyiha shakllantirilgan. Shundan 17 tasi amalga oshirish bosqichida. 2030-yilgacha ushbu yo‘nalishda yangi loyihalarni shakllantirish taklif qilindi.

5 ming kilometr yangi elektr tarmog‘i quriladi

Generatsiya quvvatlarini oshirish bilan bir qatorda ularni iste’molchilarga yetkazib beruvchi magistral elektr tarmoqlari va podstansiyalarni ham oldindan qurish rejalashtirilmoqda.

2030-yilgacha 9 ta 220 kV va 7 ta 500 kV yangi podstansiya qurish hamda qariyb 5 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.

2027–2029-yillarda bir qator strategik 500 kV elektr uzatish tarmoqlari va yangi podstansiyalarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Taqdimotda ushbu loyihalarning qurilish holati, moliyalashtirish masalalari va kechikishlarni bartaraf etish choralari ham ko‘rib chiqildi.

Qoraqalpog‘istonda 1 GVtli data-markazlar uchun infratuzilma yaratiladi

Qoraqalpog‘istonda shamol energetikasi salohiyatidan foydalanib, raqamli iqtisodiyot uchun yangi infratuzilma yaratish taklifi ham ilgari surildi.

Unga ko‘ra, istiqbolli shamol elektr stansiyalarini umumiy quvvati 1 GVt bo‘lgan data-markazlar bilan bog‘lash, buning uchun yangi 220 kV podstansiya va elektr uzatish tarmoqlarini qurish taklif etildi.

Energetika loyihalarini rejalashtirish tizimi o‘zgartiriladi

Taqdimotda energetika sohasidagi investitsiya loyihalarini shakllantirish va amalga oshirish tizimini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarga ham e’tibor qaratildi.

Yangi yondashuvda loyihalar avvalo iqtisodiyot, aholi va hududlarning istiqboldagi ehtiyojlaridan kelib chiqib shakllantiriladi. Dastlab elektr energiyasiga bo‘lgan talab aniqlanadi, shundan keyin zarur generatsiya va infratuzilma quvvatlari rejalashtiriladi.

Yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtasi va texnik yechimlari oldindan tayyorlangan loyiha shakllantirilib, investor ochiq va raqobatli tanlov asosida aniqlanadi.

Bunda vazifalar ham idoralar o‘rtasida aniq taqsimlanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi talab prognozini shakllantiradi, Energetika vazirligi strategik rejalashtirish va texnik siyosat uchun, Energetika bozori regulyatori esa bozor munosabatlari va tariflarni tartibga solish uchun javob beradi.

Investorlarni jalb qilish investitsiyalar sohasiga mas’ul idoralar tomonidan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi. Mahalliy hokimliklar esa yer va zarur infratuzilma masalalarini hal qiladi.

Shuningdek, hududlar va tarmoqlar kesimida energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj prognozini shakllantirish hamda har yili yangilanadigan uch yillik investitsiya rejalarini qabul qilish taklif etildi.

2050-yilgacha energetika konsepsiyasi ishlab chiqiladi

Uzoq muddatli istiqbolda 2050-yilgacha yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Hujjatda milliy resurs salohiyati, demografik va iqtisodiy o‘sish, energiya samaradorligi, qayta tiklanuvchi va atom energetikasini rivojlantirish hamda energetika xavfsizligini ta’minlash masalalari hisobga olinadi. Konsepsiyani har besh yilda qayta ko‘rib chiqish taklif qilindi.

Prezident energetika sohasidagi yangi loyihalar iqtisodiyot va aholining uzoq muddatli ehtiyojlariga mos bo‘lishi, generatsiya, elektr tarmoqlari va iste’mol o‘rtasida doimiy muvozanat ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.

Mas’ullarga yirik loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish, kechikayotgan loyihalar bo‘yicha investorlar bilan tegishli choralarni ko‘rish, generatsiya va elektr tarmoqlarini mutanosib rivojlantirish hamda energiya saqlash tizimlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qahramonjon Olimov atrofidagi xabarlarga Anorbank va Markaziy bank izoh berdi
/
Qahramonjon Olimov atrofidagi xabarlarga Anorbank va Markaziy bank izoh berdi
Toshkentda samolyotlarga aviakerosin quyish majmuasi sotuvga chiqarildi
/
Toshkentda samolyotlarga aviakerosin quyish majmuasi sotuvga chiqarildi
TBC Uzbekistan avtomobil xaridi uchun TBC Avto xizmatini ishga tushirdi
/
TBC Uzbekistan avtomobil xaridi uchun TBC Avto xizmatini ishga tushirdi