TBC Uzbekistan avtomobil xaridi uchun TBC Avto xizmatini ishga tushirdi
Yangi xizmat orqali foydalanuvchilar avtomobilni ilovada xarid qilishi va rasmiylashtirishi mumkin
Фото: TBC
TBC Uzbekistan avtomobil xarid qilish uchun TBC Avto xizmatini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kapital.uz’ga ma’lum qildi.
Foydalanuvchi ilovada o‘zining ehtiyojlari va budjetiga mos avtomobilni tanlashi mumkin. TBC Avto turli rasmiy dilerlardagi variantlarni taklif qiladi. Kerakli avtomobil mavjud bo‘lmasa, tizim muqobil variantlarni ham ko‘rsatadi.
Avtomobil tanlangandan so‘ng mijoz xaridni o‘z mablag‘i hisobidan yoki kredit orqali amalga oshirish usulini tanlaydi. Shundan keyin TBC Avto’ning shaxsiy konssyerji mijoz bilan bog‘lanib, keyingi bosqichlar bo‘yicha maslahat beradi.
Avtosalonga tashrif buyurilganda ham mijozga shu konssyerj — bank vakili hamrohlik qiladi. U hujjatlarni rasmiylashtirish va avtomobil xaridini yakunlashda yordam beradi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobilni ilovada tanlashdan tortib, kalitlarni olish va avtosalondan chiqishgacha bo‘lgan jarayon 24 soat ichida yakunlanishi mumkin.
Dastlab TBC Avto Toshkentdagi rasmiy dilerlar bilan ishlaydi va yangi avtomobillar xaridiga yo‘naltirilgan. Kelgusida xizmat geografiyasini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
TBC Uzbekistan avtomobil segmentiga kirib bormoqda
TBC Uzbekistan bosh direktori Nika Kurdiani kompaniya yangi xizmat orqali bank xizmatlaridan tashqaridagi kundalik jarayonlarni ham raqamlashtirishga e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
Olti yil davomida O‘zbekistonda ishlab, moliyaviy xizmatlarga nafaqat bank mahsulotlari, balki insonning kundalik hayotining bir qismi sifatida qarashga o‘rgandik.
Endi bu yondashuvni an’anaviy bank xizmatlaridan tashqariga olib chiqmoqdamiz. TBC Avto shunchaki yangi kredit mahsuloti emas. Biz avtomobil xarid qilishning murakkab va ko‘pincha uzoq davom etadigan jarayonini raqamli, shaffof va mijoz uchun tushunarli qilishni maqsad qilganmiz. Bu avtomobil segmentidagi katta ishlarning boshlanishi va TBC’ni mijozlar hayotidagi muhim qarorlarning bir qismiga aylantirish yo‘lidagi navbatdagi qadam, — dedi u.
TBC Avto TBC Uzbekistan tomonidan rivojlantirilayotgan moliyaviy va layfstayl xizmatlarining yagona raqamli ekotizimiga qo‘shiladi.
Ekotizimda TBC Salom debet kartasi, TBC Osmon kredit kartasi, TBC Sug‘urta raqamli sug‘urta xizmati hamda O‘zbekiston norezidentlari uchun xizmatlar mavjud.
Kichik va o‘rta biznes uchun esa onlayn kreditlash va to‘liq raqamli ish haqi loyihasini taklif qiluvchi TBC Biznes platformasi faoliyat yuritadi.
Foydalanuvchilarga moliyaviy xizmatlar bo‘yicha ilova ichida ma’lumot olish va yo‘nalish topishda Lola sun’iy intellekt yordamchisi ko‘maklashadi. Shuningdek, kompaniya moliyaviy vositalar va layfstayl imtiyozlarini birlashtiruvchi yagona obuna xizmatini rivojlantirmoqda.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ