Toshkentda samolyotlarga aviakerosin quyish majmuasi sotuvga chiqarildi

Sergeli tumanidagi 11 gektarlik obyekt bo‘yicha investorlar arizasi 23-oktyabrgacha qabul qilinadi

Toshkentda samolyotlarga aviakerosin quyish majmuasi sotuvga chiqarildi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkentning Sergeli tumanida havo kemalariga aviatsiya yoqilg‘isi quyish majmuasini sotish bo‘yicha ommaviy savdolar boshlanganini ma’lum qildi.

Obyekt Qumariq ko‘chasi, 33a-uy manzilida joylashgan. Yer uchastkasining umumiy maydoni 11 gektar, bino va inshootlar maydoni esa 6076 kvadrat metrni tashkil etadi. Hudud gaz, suv va elektr ta’minoti bilan ta’minlangan.

Xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchi sifatida xalqaro Ernst & Young kompaniyasi jalb qilingan.

Savdolar qanday o‘tkaziladi?

Xususiylashtirish jarayonida mahalliy va xorijiy ishtirokchilar qatnashishi mumkin. Savdolar ikki bosqichda o‘tkaziladi: obyektni sotib olishga qiziqish bildirish va majburiy takliflarni taqdim etish.

Birinchi bosqichda talabgorlar quyidagi ma’lumotlarni taqdim etishi kerak:

  • kompaniya, jumladan uning ro‘yxatdan o‘tganligi va faoliyat turi haqida qisqacha ma’lumot;
  • ustav kapitalining 5%i yoki undan ko‘prog‘iga ega aksiyadorlar hamda yakuniy benefitsiarlar haqidagi ma’lumotlar;
  • so‘nggi uch yillik moliyaviy hisobot.

Arizalarni o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlash mumkin. Hujjatlar Toshkent vaqti bilan 2026-yil 23-oktyabr soat 23:59 gacha elektron pochta orqali yuborilishi kerak.

Ishtirokchilarga qanday talablar qo‘yiladi?

Talabgorlarni tanlash mezonlari qatoriga obyektni sotib olish uchun yetarli moliyaviy resurslarga ega bo‘lish, savdolarda ishtirok etishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan sud jarayonlarining mavjud emasligi hamda jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilish kiradi.

Talabgor davlat kompaniyasi bo‘lmasligi, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki yoki Osiyo taraqqiyot bankining sanksiyalar ro‘yxatlarida bo‘lmasligi kerak.

Birinchi bosqich yakunlangach, agentlik keyingi bosqichga o‘tgan ishtirokchilar ro‘yxatini e’lon qiladi. Ular bilan maxfiylik to‘g‘risida kelishuv tuziladi va virtual ma’lumotlar xonasidan foydalanish imkoniyati beriladi. Shuningdek, ishtirokchilarga kompleks tekshiruv natijalari bo‘yicha moliyaviy, soliq va huquqiy hisobotlar taqdim etiladi.

Majburiy takliflarni topshirishdan oldin ishtirokchilar bitimning asosiy shartlari bo‘yicha kelishuvni imzolashi va o‘z taklifi summasining kamida bir foizi miqdorida kafolat to‘lovini E-auksion savdo platformasi orqali kiritishi kerak.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Qahramonjon Olimov atrofidagi xabarlarga Anorbank va Markaziy bank izoh berdi
/
Qahramonjon Olimov atrofidagi xabarlarga Anorbank va Markaziy bank izoh berdi
TBC Uzbekistan avtomobil xaridi uchun TBC Avto xizmatini ishga tushirdi
/
TBC Uzbekistan avtomobil xaridi uchun TBC Avto xizmatini ishga tushirdi
O‘zbekiston kompaniyalariga xalqaro fyuchers savdosida qatnashishga ruxsat berilishi mumkin
/
O‘zbekiston kompaniyalariga xalqaro fyuchers savdosida qatnashishga ruxsat berilishi mumkin