O‘zbekistonda uy-joy savdosi yil boshidan buyon 18,4%ga oshdi
Yanvar–avgust oylarida 222,5 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi tuzildi
Фото: Абдумавлон Мадмусаев / Kapital.uz
O‘zbekistonda uy-joy bozori yuqori faollikni saqlab qolmoqda. 2026-yil yanvar–avgust oylarida mamlakatda 222,5 mingta uy-joy oldi-sotdi bitimi tuzildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4%ga ko‘p. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi sharhida ma’lum qilindi.
Avgust oyida qariyb 25,1 mingta bitim rasmiylashtirildi. O‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan bu ko‘rsatkich deyarli o‘zgarmagan — o‘sish 0,2%ni tashkil etdi.
Yil boshida uy-joy bozori ancha yuqori sur’atlarda o‘sdi. Mart oyida bitimlar soni 43,5 mingtagacha yetgan bo‘lsa, aprel–may oylarida bozor faolligi pasaydi. Iyun–iyul oylarida savdolar tiklanib, oyiga 25–26 mingta bitim darajasiga qaytdi. Avgust oyida ham ko‘rsatkich shu atrofida saqlanib qoldi.
Hududlarda vaziyat qanday?
Avgust oyida uy-joy savdosi yillik hisobda mamlakatning 14 ta hududidan oltitasida oshdi.
Toshkent shahrida oy davomida 7,4 mingta bitim tuzildi. Bu o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan 2,2%ga ko‘p. Yanvar–avgust oylarida esa poytaxtda uy-joy savdosi 27,5%ga oshgan.
Yil boshidan buyon uy-joy savdosining yuqori o‘sishi Sirdaryo viloyatida ham qayd etildi — 25,4%. Andijon viloyatida esa savdolar 23,8%ga oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ