O‘zbekiston kompaniyalariga xalqaro fyuchers savdosida qatnashishga ruxsat berilishi mumkin
Raqobat qo‘mitasi mahalliy kompaniyalarning xorijiy birjalardagi tovar fyucherslari savdosida ishtirok etishini tartibga soluvchi nizom loyihasini ishlab chiqdi
O‘zbekiston kompaniyalariga xalqaro bozorlardagi tovar fyucherslari savdosida qatnashish imkonini berish taklif qilinmoqda. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ishlab chiqqan nizom loyihasida so‘z boradi.
Hujjat Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilgan.
Loyiha paxta-to‘qimachilik, elektrotexnika va boshqa mahalliy kompaniyalarning xalqaro tovar derivativlari bozorlariga chiqishini tartibga soladi. Shuningdek, u kompaniyalarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini belgilaydi.
Raqobat qo‘mitasi fyuchers savdosini nazorat qiladi
Loyihaga ko‘ra, sohani tartibga soluvchi vakolatli organ Raqobat qo‘mitasi bo‘ladi. Qo‘mita birja vositachilarining faoliyatini kuzatishi, fyucherslar bo‘yicha bitimlarga limitlar belgilashi va yangi ishtirokchilarni jalb qilishni vaqtincha to‘xtatishi mumkin.
Xalqaro birja vositachilari O‘zbekiston kompaniyalarining xorijiy birjalardagi savdolarda ishtirok etishini ta’minlaydi va ular bilan bog‘liq xatarlarni boshqaradi. Bunday vositachilar O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasida ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Vositachilar pul yuvishga qarshi ichki nazorat tizimini yo‘lga qo‘yishi, mijozlarni tekshirish tartiblarini (KYC va due diligence) belgilashi lozim. Shuningdek, ular savdo ishtirokchilarini hisobga olish, bitimlar, ochiq pozitsiyalar va hisobvaraqlar holati haqida xabardor qilish uchun javobgar bo‘ladi.
Vositachilarning savdo ishtirokchilari oldidagi moddiy javobgarligi ulardan oldingi 12 oy davomida olingan komissiya summasi bilan cheklanadi.
Kompaniyalar narx xatarlarini xedj qilishi mumkin
Vositachilar potensial mijozlarni jalb qilish uchun shartnoma asosida agentlarni jalb qilishi mumkin. Agentlar tuzilgan agentlik shartnomalari va jalb qilingan mijozlar hisobini yuritadi.
Xorijiy birjalardagi savdolarda mahalliy tadbirkorlar fyuchers shartnomalarini tuzish orqali tovar narxlarining o‘zgarishi bilan bog‘liq xatarlarni xedj qilishi mumkin.
Bunda asosiy aktivni yetkazib berish ko‘zda tutilmaydi. Bitimlar bo‘yicha hisob-kitoblar faqat pul shaklida amalga oshiriladi.
Nizom loyihasida boshlang‘ich va ta’minot marjasi tushunchalari ham belgilangan. Boshlang‘ich marja — xorijiy savdo maydonchasi shartlariga ko‘ra pozitsiya ochish uchun hisobvaraqda bo‘lishi kerak bo‘lgan minimal mablag‘. Ta’minot marjasi esa pozitsiya ochilgandan keyin hisobvaraqda saqlanishi lozim bo‘lgan minimal summani anglatadi.
Birja vositachisi savdo ishtirokchilaridan boshlang‘ich va ta’minot marjasi, shuningdek, qo‘shimcha mablag‘larni qabul qiladi. Zarur hollarda u xalqaro bozorlarga chiqishni ta’minlash uchun shartnomalarga muvofiq ichki bozorda xorijiy valyuta sotib olishi mumkin.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ