Mirziyoyeva Google bilan O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirishni muhokama qildi
Shuningdek, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va IT-kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi
Фото: Саида Мирзиёева
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Nyu-Yorkka tashrifi doirasida Google kompaniyasining davlat organlari bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti Karan Bhatia bilan uchrashdi. Tomonlar O‘zbekistonda YouTube monetizatsiyasini ishga tushirish imkoniyatini muhokama qildi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va raqamli to‘lovlar sohasidagi qonunchilik takomillashtirildi. Buning natijasida mamlakatda xalqaro to‘lov tizimlaridan foydalanish imkoniyati kengayadi.
Hozirda YouTube monetizatsiyasi dunyoning 108 ta davlatida mavjud. Markaziy Osiyoda ushbu funksiya faqat Qozog‘istonda ishlaydi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda esa monetizatsiya hali ishga tushirilmagan.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashiga ko‘ra, YouTube monetizatsiyasining ishga tushirilishi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 0,05–0,1 foizga oshirishi, mahalliy blogerlarning daromadlarini esa yiliga $30–50 mln gacha yetkazishi mumkin.
Asosiy to‘siqlar qatorida shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va himoya qilish talablari, intellektual mulk huquqlarining yetarlicha himoya qilinmasligi, to‘lov tizimlarini tartibga solish hamda mahalliy bulutli infratuzilmani rivojlantirish masalalari qayd etilgan.
“Google bilan hamkorlik qilish uchun imkoniyatlar juda ko‘p. Oldinda hali ko‘p ishlar turibdi”, — deya ta’kidladi Saida Mirziyoyeva.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ