O‘zbekistonda avtomobil savdosi avgustda 2,2 foizga oshdi
Avgust oyida mamlakatda 62,5 mingta yengil avtomobil sotildi
Foto: Kapital.uz
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil avgust oyida O‘zbekistonda barcha turdagi avtotransport vositalari savdosi 79 ming donadan oshdi.
Yengil avtomobillar savdosi iyul oyiga nisbatan 2,2% ga ko‘payib, 62,5 ming donani tashkil etdi. Savdolarning 50,2% ikkilamchi bozor hissasiga to‘g‘ri keldi.
Ishlatilgan yengil avtomobillar savdosi bir oyda 10,8% ga kamayib, qariyb 32 ming donaga tushdi.
Yangi avtomobillar savdosi 20,5% ga oshdi
Avgustda yangi yengil avtomobillar savdosi iyulga nisbatan 20,5% ga oshib, 30,6 ming donaga yetdi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi qariyb 25% ga ko‘payib, 25,3 ming donani tashkil etdi. Xorijda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi esa bir oyda 7% ga oshib, 5,3 ming donaga yetdi.
Qaysi hududlarda avtomobil savdosi oshdi?
Avgust oyida avtomobil savdosi mamlakatning 14 ta hududidan 9 tasida o‘sdi.
Eng yuqori o‘sish Buxoro viloyatida qayd etilib, 19,1% ni tashkil etdi. Toshkent viloyatida savdo 11,9% ga, Xorazm viloyatida esa 10,8% ga oshdi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida avtomobil savdosi 10,1% ga kamaydi. Andijon viloyatida pasayish 2,7% , Farg‘onada esa 2,1% ni tashkil etdi.
Elektromobil savdosi yillik hisobda 44,5% ga oshdi
Avgust oyida birlamchi va ikkilamchi bozorlarda 9,2 mingta elektromobil sotildi. Savdolarning 68,5% i Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi.
Poytaxtda 6,3 mingta elektromobil sotilgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida 662 ta, Toshkent viloyatida 455 ta elektromobil realizatsiya qilindi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotlariga ko‘ra, elektromobillar savdosi 2025-yil avgustiga nisbatan 44,5% ga oshgan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ