Markaziy bank Shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalarni sotuvga chiqaradi
Hozircha 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqariladi, bozor talabiga qarab ularning tiraji bosqichma-bosqich oshirilishi mumkin
O‘zbekiston Markaziy banki Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan oltin va kumush esdalik tangalarini muomalaga chiqaradi.
Samarqand mezbonlik qiladigan nufuzli shaxmat olimpiadasiga bag‘ishlangan tangalar tarix, milliy me’morchilik va shaxmat tafakkurini yagona badiiy kompozitsiyada birlashtiradi.
“Ikki tanga — bir Registon” konsepsiyasi asosida yaratilgan tangalar yonma-yon qo‘yilganda Registon maydoni peshtoqining yaxlit tasvirini hosil qiladi. Ulardagi milliy naqshlar va shaxmat donalari xalqning birdamligi, zakovati va bunyodkorlik salohiyatini ifodalashga xizmat qiladi.
Tangalarning aversida Samarqanddagi Tillakori madrasasining me’moriy elementlari tasvirlangan. Kompozitsiyaga shaxmat donalari silueti va geometrik naqshlar ham kiritilgan. Ushbu elementlar strategik tafakkur, intellektual yetakchilik, jamoaviy birlik va sharqona me’moriy merosni aks ettiradi.
Oltin tanganing aversida “46-Butunjahon Shaxmat Olimpiadasi Samarqand-2026”, kumush tanganing aversida esa “46th Fide Chess Olympiad Samarkand-2026” yozuvlari joylashtirilgan.

Tangalar reversida Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) logotipi markaziy element sifatida aks ettiriladi. Oltin tangada “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki”, kumush tangada esa “Central Bank of the Republic of Uzbekistan” yozuvlari hamda nominal qiymati ko‘rsatiladi.
Esdalik tangalari 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan zarb etiladi. Har bir tanganing og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati esa 100 ming so‘mni tashkil etadi.
Dastlab 100 dona oltin va 500 dona kumush tanga chiqariladi. Bozor talabi va kolleksionerlar qiziqishidan kelib chiqib, ularning tiraji bosqichma-bosqich oshirilishi mumkin.
Markaziy bankka ko‘ra, tangalar Samarqandning me’moriy merosi va shaxmatning umumbashariy intellektual qadriyatlarini bir kompozitsiyada mujassam etadi. Ular tarix, madaniyat va shaxmatga qiziquvchilar, shuningdek, esdalik va kolleksion buyumlarni qadrlovchilar uchun mo‘ljallangan.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ