IT Park Ventures O‘zbekistondagi oltita startapga investitsiya kiritdi
Eng yirik — $150 minglik investitsiyani ORA platformasi oldi
Фото: IT-Park Ventures
IT Park Ventures O‘zbekistondagi beshta texnologik startapga investitsiya kiritdi, yana bir loyiha Digital Startups 1+1 dasturi doirasida moliyalashtirildi. Kompaniyalarga investitsiya cheklari ICT Week Uzbekistan 2026 doirasida o‘tkazilgan Startup & Venture Summit tadbirida topshirildi.
Moliyalashtirishni Bigmart, ORA, Layf, Q.Watt va UrbanDrive oldi. Yana bir startap — Tezbor — Digital Startups 1+1 qo‘shma moliyalashtirish dasturi orqali mablag‘ jalb qildi. Loyihalar korporativ xaridlar, elektron tijorat, marketing, avtomobil bozori va logistika sohalarida faoliyat yuritadi.
Bigmart
Korporativ xaridlar uchun B2B marketplace $100 ming miqdorida investitsiya oldi. Platformada 40 mingdan ortiq mahsulot mavjud bo‘lib, kompaniyalar biznes xizmatlari bilan bir qatorda zarur tovarlarni ham bir joyning o‘zida xarid qilishi mumkin.
Kelgusida Bigmart kompaniyalarning ehtiyojlarini prognoz qilish va tovarlarning adolatli qiymatini aniqlash uchun AI-assistentni ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Q.Watt
Pauerbanklarni ijaraga berish va shahar mikromobilligi xizmatlarini ko‘rsatuvchi Q.Watt ham investitsiya oldi, biroq mablag‘ miqdori oshkor qilinmagan.
Q.Watt tarmog‘ida 4,9 mingdan ortiq stansiya mavjud bo‘lib, uning oylik auditoriyasi 97 ming foydalanuvchiga yetadi. Kompaniya 1,5 mingta velosipeddan iborat parkni ham boshqaradi hamda O‘zbekiston, Tojikiston va Bolgariyada faoliyat yuritadi.
ORA
Brendlarni blogerlar va UGC-kreatorlar orqali targ‘ib qilishga ixtisoslashgan AI-platforma $150 ming miqdorida investitsiya oldi. Bu oltita loyiha orasida miqdori ochiqlangan eng yirik investitsiya hisoblanadi.
Bundan tashqari, IT Park Ventures ko‘magida startap O‘zbekistondagi xususiy venchur fondidan yana $50 ming jalb qilgan. ORA tarmog‘i 30 mingdan ortiq kontent yaratuvchini birlashtiradi.
Layf
Internet-do‘konlar, yetkazib berish xizmatlari va superilovalarni ishga tushirish imkonini beruvchi platforma $100 ming miqdorida investitsiya oldi.
Bu IT Park Ventures’ning loyihaga kiritgan ikkinchi investitsiyasi hisoblanadi. Layf 2025-yilda Digital Startup Awards tanlovida g‘olib bo‘lib, SAFE mexanizmi orqali $50 ming olgan. Shuningdek, startap mahalliy venchur fondidan yana $50 ming jalb qilgan.
UrbanDrive
Avtomobillarni sotib olish va sotish platformasi IT Park Ventures’dan $100 ming, Yoshlar Ventures’dan esa yana $100 ming investitsiya oldi.
UrbanDrive xaridorlar, avtosalonlar, banklar va moliyaviy xizmatlarni yagona platformada birlashtiradi. Dilerlar uchun kompaniya o‘zining UrbanDealer CRM tizimini ham rivojlantirmoqda.
Tezbor
Sun’iy intellekt asosidagi logistika platformasi Digital Startups 1+1 dasturi doirasida $100 ming mablag‘ oldi. Dastur startaplarni qo‘shma moliyalashtirishni nazarda tutadi.
Tezbor O‘zbekiston, Qozog‘iston va Daniyada 500 dan ortiq mijoz bilan ishlaydi. Xizmat internet-do‘konlarga “so‘nggi mil” yetkazib berish jarayonini optimallashtirishga yordam beradi.
Investitsiyalardan tashqari, IT Park Ventures startaplarga sohaviy ekspertiza hamda yangi bozorlarga chiqish uchun hamkorlar tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ