Tadbirkorlar nizolarini sudda ko‘rish muddatlari qisqartirilishi mumkin
Kredit, oldi-sotdi va soliq qarzdorligiga oid nizolarni ko‘rib chiqish jarayonini soddalashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Shavkat Mirziyoyev 24-sentyabr kuni Andijondagi yig‘ilishda tadbirkorlarning masalalarini sudda ko‘rishni tez va samarali tashkil qilish zarurligini aytdi.
Ma’lum qilinishicha, ular kredit, oldi-sotdi, mahsulot yetkazib berish, kommunal va soliq qarzdorligiga oid nizolarni ko‘rib chiqish cho‘zilayotganini aytmoqda. Dalillar yetarli bo‘lgan ishlar bo‘yicha jarayonlarni soddalashtirish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi qayd etildi.
Oliy sud, Biznes-ombudsman va Adliya vazirligi Andijonda tadbirkorlarning murojaatlarini eshitib, masalalariga yechim topishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Oktyabr–noyabr oylarida respublika bo‘ylab tadbirkorlar va davlat tashkilotlari yuristlari uchun nizolarni sudgacha hal qilish, ularni kamaytirish va sud jarayoni bo‘yicha o‘quvlar o‘tkaziladi.
Bir oyda protsessual qonunchilik tahlil qilinib, qaysi ishlarni soddalashtirilgan tartibda ko‘rish va muddatlarni qisqartirish mumkinligi yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi.
Yig‘ilishda Soliq idoralari ham tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish va ish o‘rinlarini saqlab qolishga ko‘maklashishi zarurligi ta’kidlandi. Viloyatda ayrim korxonalar aylanmasi va ish o‘rinlari qisqargani, bir qator biznes subyektlari faoliyati tugatilgani qayd etildi. Mahallaga tushgan soliq xodimlari bunday holatlarning sabablarini o‘rganib, yechim topishga faol kirishishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Endi daromadi yoki ish o‘rni kamaygan korxonaga mahalla soliqchisi borib, muammoni o‘rganadi. Hokim yordamchisi va mahalla bankiri bilan birga soliq to‘lovini kechiktirish, kredit muddatini uzaytirish, aylanma mablag‘, bozor yoki eksportga ko‘maklashish bo‘yicha tuman shtabiga taklif kiritadi.
Mazkur jarayonda har bir biznesning daromadga kirish davri va xususiyati inobatga olinadi. Yoshlar bandligi mahalla soliqchilari faoliyatini baholash va mehnatiga haq to‘lashda samaradorlik mezoni qilib belgilanadi.
Andijonda otin-qizlar bandligini ta’minlash uchun alohida moliyaviy va tashkiliy imkoniyatlar yaratilishi ham ma’lum qilindi. Ayollarni ish bilan ta’minlash uchun alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga $20 mln ajratiladi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ