BlackRock Toshkentda xalqaro moliya markazini tashkil etishga yordam beradi
Markazni 2027-yilda ishga tushirish rejalashtirilmoqda — kompaniya uning konsepsiyasi va tuzilmasini ishlab chiqishga ko‘maklashadi
Фото: Саида Мирзиёева
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 24-sentabr kuni Nyu-Yorkda “BlackRock” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish hamda AQSh biznes doiralari bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda «“BlackRock” prezidenti Robert Kapito, vitse-rais Tomas Donilon, “Global Infrastructure Partners” raisi va bosh ijrochi direktori Adebayo Ogunlesi, Moliyaviy va strategik investorlar guruhi global rahbari hamda kompaniyaning Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha rahbari Charlz Xatami ishtirok etdi.
Muloqotning asosiy mavzularidan biri Toshkent xalqaro moliya markazini 2027-yilda ishga tushirish bo‘ldi.
Saida Mirziyoyevaning ma’lum qilishicha, “BlackRock” markazning konsepsiyasi va tashkiliy tuzilmasini ishlab chiqishga ko‘maklashmoqda.
AQSh biznes doiralari bilan investitsiya imkoniyatlari muhokama qilindi
Tashrif doirasida AQSh ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida qo‘shma davra suhbati ham tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning kelgusi o‘n yilliklardagi rivojlanish istiqbollari hamda mintaqaga investitsiya jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Saida Mirziyoyevaning ta’kidlashicha, O‘zbekiston yirik va sifatli investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar maydoniga aylanmoqda.
“BlackRock” rahbariyati O‘zbekistonga avval ham tashrif buyurgan
2026-yil iyul oyida “BlackRock” rahbarlari O‘zbekistonga tashrif buyurib, Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan edi.
O‘shanda “BlackRock” direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi gazni suyuq yoqilg‘iga aylantirish (GTL) loyihasi hamda O‘zbekistonda xalqaro moliyaviy markaz tashkil etish tashabbusi muhokama qilinganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, kompaniya sun’iy intellekt infratuzilmasi, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari va ularni boshqaruvchi kompaniyalarga investitsiya kiritish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Ogunlesi O‘zbekistonni investitsiya kiritish uchun jozibador mamlakat sifatida baholagan. Uning qayd etishicha, Toshkent xalqaro investitsiya forumida AQShning 200 dan ortiq kompaniyasi ishtirok etgani mamlakatdagi islohotlarga qiziqish yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Uning fikricha, “BlackRock” O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlaridan biri, mintaqaga chiqish darvozasi hamda Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim ko‘prik sifatida ko‘radi.
Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ