BlackRock suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish va sun’iy intellektni rivojlantirishga investitsiya kiritishi mumkin

Kompaniya, shuningdek, mamlakatda xalqaro moliya markazini tashkil etish va xususiylashtirish loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirgan

BlackRock suyuq yoqilg‘i ishlab chiqarish va sun’iy intellektni rivojlantirishga investitsiya kiritishi mumkin

AQShning yirik investitsiya kompaniyasi BlackRock O‘zbekistonda tabiiy gazni suyuq yoqilg‘iga aylantirish (GTL), sun’iy intellekt texnologiyalari va data-markazlar yo‘nalishidagi loyihalarga investitsiya kiritish imkoniyatlarini o‘rganmoqda.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 7-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev BlackRock direktorlar kengashi a’zosi Adebayo Ogunlesi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda strategik hamkorlikni kengaytirish, xususan, yoqilg‘i-energetika, moliya va axborot texnologiyalari sohalaridagi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi.

Tomonlar xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etish, mahalliy moliya bozorini rivojlantirish, neft-kimyo sanoatidagi tashabbuslar hamda IT sohasiga investitsiyalarni ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgiladi.

Uchrashuv yakunida Adebayo Ogunlesi O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida kompaniya O‘zbekistonda tabiiy gazni suyuq yoqilg‘iga aylantirish (GTL) loyihasi va xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Shuningdek, BlackRock mamlakatda data-markazlar qurilishi, sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantiruvchi korxonalar hamda ekologik toza aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihalariga sarmoya kiritish istiqbollarini ham o‘rganmoqda.

Kompaniya vakilining ta’kidlashicha, O‘zbekiston bozori xorijiy investorlar orasida tobora katta qiziqish uyg‘otmoqda. U yaqinda o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida 200 dan ortiq AQSh kompaniyasi ishtirok etganini eslatdi.

BlackRock O‘zbekiston iqtisodiyotini Markaziy Osiyodagi eng tez sur’atlarda rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri sifatida baholamoqda. Muzokaralar yakunida bir qator ustuvor yo‘nalishlarda amaliy loyihalarni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Apple Pay va Google Pay’ni O‘zbekistonda ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilmoqda
/
Apple Pay va Google Pay’ni O‘zbekistonda ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilmoqda
Uzum O‘zbekistondagi raqamli infratuzilmaga $500 mln dan ortiq investitsiya kiritdi
/
Uzum O‘zbekistondagi raqamli infratuzilmaga $500 mln dan ortiq investitsiya kiritdi
AKFA Aluminium xalqaro bozorga ilk obligatsiyalarini chiqarishni rejalashtirmoqda
/
AKFA Aluminium xalqaro bozorga ilk obligatsiyalarini chiqarishni rejalashtirmoqda