Markaziy bank raqamli so‘mni 2029-yil oxirigacha ishga tushirishni rejalashtirmoqda

Yangi valyutadan banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasidagi hisob-kitoblarda foydalanish ko‘zda tutilgan

Markaziy bank raqamli so‘mni 2029-yil oxirigacha ishga tushirishni rejalashtirmoqda

Markaziy bank raqamli so‘mni yaratish ustida ish olib bormoqda va uni 2029-yil oxirigacha muomalaga chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda regulyator vakillari 24-sentabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Raqamli so‘m qanday valyuta?

Markaziy bank vakillarining so‘zlariga ko‘ra, raqamli so‘m regulyator tomonidan bevosita chiqariladigan pul shakli bo‘ladi.

Bunday raqamli valyutalar chakana va ulgurji turlarga bo‘linadi. Chakana raqamli valyutalar jismoniy va yuridik shaxslarning kundalik to‘lovlari uchun banknotlar va kartalar bilan bir qatorda ishlatiladi. Ulgurji raqamli valyutalar esa faqat banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasidagi hisob-kitoblar uchun mo‘ljallanadi.

O‘zbekiston aynan ulgurji raqamli valyutani joriy etishni rejalashtirmoqda.

Biz tanlayotgan Markaziy bank raqamli valyutasi — ulgurji CBDC. Bu taqsimlangan reyestr texnologiyasi asosida yaratiladigan va faqat banklar hamda to‘lov tashkilotlari o‘rtasidagi hisob-kitoblarda qo‘llanadigan raqamli valyutadir, — dedi regulyator vakillari.

2029-yilgacha uch bosqich

Loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilmoqda:

  • 2027-yil oxirigacha — raqamli so‘m chiqarishning afzalliklarini o‘rganish;
  • 2028-yil oxirigacha — sinov bosqichi;
  • 2029-yil oxirigacha — bozor ishtirokchilarini tizimga ulash va uni to‘liq ishga tushirish.

Ulgurji raqamli valyuta xalqaro konsultantlar bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Shundan so‘ng pilot sinovlar o‘tkaziladi.

Ulgurji raqamli valyuta joriy etiladimi yoki yo‘qmi, hozircha 100% aniq emas, — deya ta’kidladi Markaziy bank.

Raqamli so‘m nima uchun kerak?

Ulgurji raqamli valyutaning ichki bozor uchun kutilayotgan afzalliklari qatorida hisob-kitoblar jarayonidagi xatarlarni bartaraf etish, operatsion faoliyat barqarorligini ta’minlash hamda zarurat tug‘ilganda kecha-yu kunduz avtomatik tarzda likvidlik taqdim etish imkoniyati qayd etildi.

Dastlab raqamli so‘mdan davlat xaridlarida foydalanish rejalashtirilmoqda. Bu Iqtisodiyot va moliya vazirligi mablag‘larining boshqa maqsadlarga yo‘naltirilmasligini nazorat qilish hamda ularning sarflanishini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beradi.

Keyinchalik infratuzilma loyihalarini yangi valyutada moliyalashtirish mumkin. Bunda pudratchilarga ishlarning tegishli bosqichlari bajarilgani tasdiqlanganidan keyin to‘lov amalga oshiriladi.

Shuningdek, raqamli so‘mdan davlat to‘lovlari va maqsadli subsidiyalarni amalga oshirishda foydalanish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.

Bular tadqiqotlarning hozirgi bosqichida kutilayotgan natijalarimiz. Bu aynan shunday bo‘ladi degani emas, chunki bitta raqamli valyutani o‘rganishning o‘zi uchun kamida to‘rt-besh yil talab etiladi, — deya ta’kidladi Markaziy bank.

Raqamli valyutani boshqa davlatlar ham o‘rganmoqda

Bugungi kunda dunyoning 143 ta davlatida markaziy banklar raqamli valyutani o‘rganmoqda. Shundan 77 ta davlatda uni ishlab chiqish jarayoni davom etmoqda, yana 41 ta davlat pilot loyihalarni amalga oshirmoqda.

Hozircha raqamli valyutani to‘liq ishga tushirgan davlatlar soni uchta — Bagama orollari, Nigeriya va Yamayka.

Moliya va biznes haqida ko'proq yangiliklar Telegram kanalda @KPTLUZ

tg

Mavzu bo'yicha materiallar

Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori bilan uchrashdi
/
Saida Mirziyoyeva JST bosh direktori bilan uchrashdi
BlackRock Toshkentda xalqaro moliya markazini tashkil etishga yordam beradi
/
BlackRock Toshkentda xalqaro moliya markazini tashkil etishga yordam beradi
Avgustda so‘mdagi kreditlar stavkasi 20,1% ni tashkil etdi
/
Avgustda so‘mdagi kreditlar stavkasi 20,1% ni tashkil etdi